«Ijtimoiy fikr» Respublika jamoat fikrini o‘rganish markazi O‘zbekiston fuqarolari Yangi yil bayramini qanday kayfiyat va umidlar bilan kutib olishni rejalashtirayotganliklarini aniqlash maqsadida o‘tkazgan sotsiologik so‘rovi natijalarini e’lon qildi.

Telefon so‘rovi shuni ko‘rsatdiki, o‘zbekistonliklarning mutlaq ko‘pchiligi Yangi yilni nishonlaydi.

Bayram oldidan respondentlarning aksariyati — 81,8% — «yaxshi onlarni kutish bilan bog‘liq xursandchilik, ko‘tarinki kayfiyatga» ega.

Respondentlarning 92,4% 2022 yilni o‘z uyida kutish va nishonlashni rejalashtirmoqda. So‘ralganlarning aksariyat ko‘pchiligi Yangi yilni o‘z oilasi bilan kutishadi — 97,3%.

2021 yilda o‘zbekistonliklar COVID-19 pandemiyasining salbiy ta’sirini boshdan kechirganiga qaramay, respondentlarning yarmidan ko‘pi o‘tayotgan yilni shaxsan o‘zi uchun xotirjam yil bo‘ldi, deb hisoblaydi.

Respondentlarning bir qismi ushbu yilning ham ijobiy, ham salbiy tomonlarini ta’kidlashdi. Ayrim respondentlar uchun 2021 yilda og‘ir davrlar ham bo‘lgan, lekin keyin hammasi iziga tushib ketgan.

So‘ralganlarning ko‘pchiligi kirib kelayotgan 2022 yildan faqat ro‘shnolik va yaxshilikni (76,9%) yoki 2021 yildagiga qaraganda yanada yaxshiroq bo‘lishini (21,4%) kutmoqda. Boshqacha qilib aytganda, so‘ralgan o‘zbekistonliklar kirib kelayotgan 2022 yilni ezgulikka ishonch va umid bilan kutishmoqda.