Navoiy viloyati Karmana tumani xalq ta’limi bo‘limi mansabdorlari Xalq ta’limi vazirligi rahbariyati topshirig‘iga ko‘ra ishdan olindi. Bu haqda XTV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ta’kidlanishicha, Navoiy viloyati Karmana tumani XTB Xalq ta’limi vazirligining topshirig‘iga zid ravishda chet tili o‘qituvchilariga darslik sotib olishi uchun tarqatilayotgan 1 mln so‘m mablag‘ni naqd ko‘rinishida bergan. Shuningdek, bozor narxi 60 ming so‘m bo‘lgan kitobni 483 ming so‘mdan pullamoqchi bo‘lgan.

Prezident qaroriga ko‘ra, bu pullar umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan barcha xorijiy tillar o‘qituvchilariga davlat budjetidan zamonaviy adabiyot, darslik va o‘quv qo‘llanmalarini sotib olishi uchun berilgan. Biroq, respublika bo‘ylab chet tili fani o‘qituvchilarining shaxsiy plastik kartalariga ushbu mablag‘lar tushirib berilishi lozim edi.

Vazirlik topshirig‘iga ko‘ra, ishchi guruh tuzilib, holat o‘rganib chiqilgan.

«Shu bois Xalq ta’limi vazirligining bir necha bor mazkur holat yuzasidan ogohlantirishiga qaramay ushbu holatga yo‘l qo‘yganligi uchun Karmana tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri vazifasini vaqtincha bajaruvchi o‘z vazifasidan ozod etildi. Karmana tumani XTBning bosh hisobchisi va xorijiy tillar metodistini lavozimidan ozod etish yuzasidan vazirlik rahbariyati tomonidan topshiriq berildi», — deyiladi xabarda.

Vazirlik yuqoridagi kabi holatlar qaytarilib, o‘z tasdig‘ini topgan taqdirda keskin va ayovsiz chora ko‘rilishi haqida yana bir bor ogohlantirgan.