Toshkentda bo‘lib o‘tgan mintaqaviy forumda O‘zbekistonning 2021 yilda Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqotidagi raisligi yakunlari sarhisob qilindi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston raisligi davrida xotin-qizlar yetakchiligi va tadbirkorlik masalalari e’tibor markazida bo‘ldi. Bundan tashqari, xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish uchun shart-sharoitlar yaratish muhim yo‘nalishga aylandi.Muloqot ayollar tadbirkorligini rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni aniqlash maqsadida Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi amaldagi normativ-huquqiy bazani tahlil qilish tashabbusi bilan chiqdi.

O‘zbekistonda ham bu boradagi ishlar amalga oshirildi, yaqin kunlarda xotin-qizlar biznesini rivojlantirish, ayollarning ishbilarmonlik faolligini oshirish uchun shart-sharoitlarni yanada yaxshilash bo‘yicha vakolatli davlat organlariga takliflar kiritiladi.

Forumda 2022 yilda raislikni boshqa davlatga o‘tkazish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, kelasi yil Markaziy Osiyo Yetakchi ayollar muloqotiga Turkmaniston raislik qiladi.

«O‘zbekiston Markaziy Osiyoda gender tenglik va barqaror rivojlanish sohasida mintaqaviy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha sa’y-harakatlarini bundan buyon ham davom ettiradi», — deyiladi xabarda.