Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov «Toshkent yoshlar forumi — 2021» doirasida O‘zbekistonda PayPal kabi elektron to‘lovlarning ishlamasligi masalasida berilgan savolga javob berdi.

«Haqiqatan ham, PayPal tizimida O‘zbekiston yo‘q. Bunga, menimcha, O‘zbekistonda uzoq yillar davomida konvertatsiya tizimining ishlamagani va shu kabi boshqa sun’iy to‘siqlar sabab bo‘lgan deb o‘ylayman. Aynan shu sabablar tufayli PayPal O‘zbekistonni o‘z ro‘yxatidan chiqarib tashlagan bo‘lishi mumkin», — dedi AKT vaziri.

Bizning vazifamiz Markaziy bank, Moliya vazirligi va boshqa tegishli tashkilotlar bilan tizimga O‘zbekistonni ham qo‘shishdan iborat. Bu borada o‘zgarishlar bo‘ladi degan umiddaman, deya ta’kidladi Sherzod Shermatov.

Shuningdek, AKT vazirligi rahbari forum doirasida IT-sohasining ahamiyati, sohadagi vakansiyalar, IT-mutaxassislarining maoshlari to‘g‘risidagi masalalarga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Agar ilgari abituriyent oliygohdagi IT-yo‘nalishni tanlasa, bu hech kimga kerak bo‘lmasligiga ishora bo‘lardi. Bugun esa soha hayotimizning barcha jabhalarida kerak bo‘lishiga hech kim shubha qilmaydi. Pandemiya esa buni isbotladi. Bugungi kunda IT-mutaxassislarning ish haqi yetarlicha raqobatbardosh, oyiga 4 ming dollargacha ishlab topish mumkin. Hozirgi vaqtda, masalan, O‘zbekistonning turli IT-kompaniyalarida 440 ta bo‘sh ish o‘rinlari mavjud», — deb aytdi Shermatov.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning 29 oktabr kuni Markaziy bank PayPal O‘zbekistondagi faoliyatiga cheklovni mustaqil ravishda o‘rnatgani va bu biror davlat organi yoki boshqa tashkilot bilan kelishilmagani haqida ma’lum qilgan edi.