Buxoro viloyati Kogon shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro shahar bosh bekati hududidagi o‘ziga tegishli bo‘lgan do‘konni hokimiyatga beg‘araz ravishda sovg‘a qildi. Bu haqda Kogon hokimi Hayot Davlatovning 15 dekabrdagi qarorida qayd etilgan.

Ta’kidlanganidek, fuqaro X.Rashidov 6 dekabr kuni shaxsiy mulki bo‘lgan do‘konni hokimiyatga beg‘araz topshirish to‘g‘risida ariza yozgan. obyekt maydoni 60 kv. metrni tashkil etadi.

Shahar ma’muriyati matbuot xizmati rahbari Muhammadali Narzilloyevning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, hozirgi kunda do‘kon bo‘sh va hali hech kimga berilgani yo‘q.

«Kelgusida ushbu bino ijara shartnomasi asosida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilaga yashash sharoitini yaxshilash maqsadida topshiriladi», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, fuqaroning o‘z mol-mulkini xokimiyatga beg‘araz topshirishi kabi holat birinchi marotaba yuz bermoqda.

30 noyabr kuni Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ham fuqaro Latipova Ziyoda Baxromovnadan beg‘arash tarzda Mercedes Benz S500 Hybrid rusumli yengil avtotransport vositasini qabul qilib olgandi. Antikorrupsiya agentligi direktori Akmal Burxonov bu taqiqlanmaganini aytib, buni qonunchilikdagi bo‘shliq ekanligini tan oldi. Agentlik mansabdorlarning sovg‘a olishini tartibga solish rejada borligini ma’lum qildi.