Noyabr oyida O‘zbekiston aholisi va tadbirkorlik subyektlarining kelgusi 12 oy uchun inflyatsion kutilmalari keskin yomonlashdi, deya ma’lum qildi Markaziy bank so‘rov natijalariga bergan sharhida.


O‘tgan oyda fuqarolar orasida kutilayotgan o‘rtacha inflyatsiya darajasi 16,5 foizni (oktabrda 16,2 foiz) tashkil etdi — bu may oyidan beri kuzatilgan eng yuqori ko‘rsatkich. Oy davomida inflyatsiya kutilmalarining o‘rtacha darajasi 13,6 foizdan 14,4 foizgacha ko‘tarildi. Bungacha ko‘rsatkich bir necha oy davomida nisbatan barqaror darajada saqlanib qolgan edi — taxminan 13,6 foiz.


Respondentlarning aksariyati, avvalgi oydagi kabi, inflyatsiya 9−12 foiz darajada bo‘lishini kutmoqda. Shu bilan birga, narxlarning 13 foiz va undan ko‘proq oshishini kutayotgan respondentlar soni noyabr oyida sezilarli darajada ko‘paydi.

Aholining fikricha, narxlarning oshishiga asosan milliy valyutaning qadrsizlanishi (so‘rovda qatnashganlarning 47 foizi), yoqilg‘i va transport xarajatlarining oshishi (43 foiz), import tovarlar va birlamchi ehtiyojlar uchun mo‘ljallangan tovarlar narxlarining oshishi (35 foiz) ta’sir ko‘rsatadi.

Respondentlarning 23 foizi inflyatsiyani ish haqi va nafaqalarning oshishi bilan bog‘lamoqda, 10 foizi asosiy omil sifatida supermarketlar va bozorlar narxlari o‘rtasidagi yuqori tafovutni ko‘rsatmoqda. 23 foiz respondentlar tovarlar taqchilligi va ulgurji savdo nuqtalarining qisqarishini kutmoqda. 13 foiz respondentlar narxlar oshishiga turar-joy narxlari va ijara to‘lovlari, 12 foizi esa koronavirus pandemiyasi va kasalliklarning ko‘payishi ta’sir qiladi, deb hisoblaydi.


Tadbirkorlar orasida keyingi 12 oy uchun inflyatsion kutilmalar 14,8 foizdan 15,6 foizgacha o‘sdi — bu avgust oyidan beri kuzatilgan eng yuqori ko‘rsatkich. Oyning o‘rtacha ko‘rsatkichi 11,7 foizdan 13,4 foizgacha ko‘tarildi.

So‘rovda ishtirok etgan tadbirkorlarning aksariyati, xuddi aholi singari, narxlarning 9−12 foiz oralig‘ida oshishini kutmoqda. Shu bilan birga, inflyatsiyani 13 foiz va undan yuqori darajada taxmin qilayotgan respondentlar soni ortgan.


Tadbirkorlar ham aholi kabi yoqilg‘i va transport narxlarining oshishi (49 foiz) hamda so‘mning qadrsizlanishidan (44 foiz) xavotirda. Bundan tashqari, kelgusi yilda pandemiya sababli xom ashyo va ehtiyot qismlar yetkazib berishning qisqarishi kutilmoqda, bu esa ularning faoliyati bilan bog‘liq import narxlarining oshishiga (33 foiz) va bunday turdagi mahsulotlar yetkazib berishda uzilishlarga (16 foiz) olib kelishi mumkin.

Bu nimani anglatadi

Inflyatsion kutilmalar — bu aholi va tadbirkorlarning kelgusidagi inflyatsiya darajasi to‘g‘risida taxminlari bo‘lib, ular iqtisodiy qarorlar qabul qilishda mazkur kutilmalarni hisobga oladilar. Ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilar, sotuvchilar va xaridorlar inflyatsiya kutilmalaridan kelib chiqib, o‘zlarining kelajakdagi moliya-kredit va narx siyosatini tuzadilar, daromadlar, xarajatlar va kutilayotgan foyda miqdorini baholaydilar.

Iste’molchilar prognozlari yaqin kelajakdagi real inflyatsiyaga ta’sir ko‘rsatadi, bu esa korxona ishlab chiqaradigan mahsulotlarga bo‘lgan talab va narxlar shakllanishiga ta’sir qiladi. Shunday qilib, inflyatsion kutilmalar — real inflyatsiya o‘sishining sabablaridan biridir. Shu nuqtai nazardan u mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining ijtimoiy kayfiyatni shakllantiruvchi muhim ko‘rsatkichidir.

2018 yilda Markaziy bank inflyatsiya risklarini dastlabki bosqichda aniqlash maqsadida narxlarni muntazam monitoring qilish amaliyotini joriy qildi. Shu vaqtdan beri regulyator jismoniy va yuridik shaxslar o‘rtasida so‘rovlar o‘tkazib kelmoqda. Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash Markaziy bankning ustuvor vazifalaridan biri ekanini ta’kidlagan edi.

«Qanday xavflar kutilayotgani va narxlar qanday shakllanayotganiga baho berish uchun joylarda iste’mol narxlari dinamikasini o‘z vaqtida kuzatib borishimiz zarur», — deya qayd etgandi u.

Noyabr oyida benzin, jumladan, Ai-80 narxining keskin oshishi kuzatildi. Monopoliyaga qarshi qo‘mita aralashuvidan so‘ng yoqilg‘i narxi barqarorlashdi.

Shuningdek, Spot`ning yozishicha, so‘mning qadrsizlanishi noyabr oyining o‘rtalaridan boshlab tezlashdi — dollarning banklararo kursi bir oyda ko‘pi bilan 7 marta yangilandi. Agar oktabr oyida dollar Markaziy bank kursi bo‘yicha yil boshidan buyon atigi 2 foizga qimmatlashgan bo‘lsa, noyabr oyi oxirida o‘sish 3 foizga yetdi.

Noyabr oyi yakuniga ko‘ra, oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining yillik o‘sishi 13,4 foiz, nooziq-ovqat tovarlari va xizmatlar guruhlari bo‘yicha esa mos ravishda 7,9 va 8,1 foiz darajada o‘sish kuzatildi.

Avvalroq Markaziy bank 2022 yil inflyatsiya darajasi 8−9 foizni tashkil etishini prognoz qilayotgani haqida xabar berilgan edi.