Transport kartalaridan foydalanishda harakatlanish va transportdan transportga o‘tishlar soni cheklanmaydi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga poytaxt Transport boshqarmasi boshlig‘i va «Toshshahartransxizmat» kompaniyasi rahbari Anvar Jo‘rayev ma’lum qildi.

2022 yil 1 yanvardan shahar jamoat transporti — avtobus va metroda harakatlanish uchun yo‘lkira haqini 1400 so‘mdan 1700 so‘mga oshirish rejalashtirilmoqda. Bu jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan poytaxt hokimining qarori loyihasida qayd etilgan.

Bunga qo‘shimcha ravishda transport kartalaridan foydalanishda tariflar narxini ham qayta ko‘rib chiqish ko‘zda tutilgan.

Loyihadan aholi, talaba, o‘quvchi va nafaqaxo‘rlar uchun harakatlanish soni belgilangan tariflar aks etgan jadval ham joy olgan.

Anvar Jo‘rayevning aniqlik kiritishicha, harakatlanish soni faqat transport kartasidagi yo‘l haqi narxini hisoblash (harakatlanish soni*1700- 23%) uchun ishlatiladi. Huddi shundan formuladan avvalgi chiptalar narxini hisoblashda foydalanilgan, deya qayd etdi kompaniya.