10 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev «Qonun ustuvorligi» indeksi «Qonunlarga rioya qilish» indikatorining «Hukumat sud qarorisiz va adolatli tovon pulisiz mulkni musodara qilmasligi» subindikatorida (2021 yil hisobotida) O‘zbekiston maksimal 1 balldan 0.25 ball to‘plab, 139 ta mamlakat ichida 138-o‘rinda ekanligini qayd etib, ushbu holatni «sharmandachilik» deb atadi.

«Gazeta.uz» ushbu reytingni tuzgan World Justice Project (WJP) ma’lumotlari asosida boshqa indikatorlarni ham o‘rganib chiqdi.

«Qonun ustuvorligi» indeksi

World Justice Project 2021 yilgi «Qonun ustuvorligi» indeksini oktabr oyida e’lon qildi. Indeksga dunyoning 139 davlati kiritilgan bo‘lib, 2021 yilgi reytingda O‘zbekiston 85-o‘rinni egallagan.

«Qonun ustuvorligi» indeksi qo‘yidagi 8 ta indikatorga asosan hisoblanadi:

  1. Ijro hokimiyatiga bo‘lgan cheklovlar (O‘zbekiston 121-o‘rinda)
  2. Korrupsiyaning yo‘qligi (O‘zbekiston 70-o‘rinda)
  3. Hukumatning shaffofligi (O‘zbekiston 122-o‘rinda)
  4. Asosiy huquqlarning ta’minlanganligi (O‘zbekiston 109-o‘rinda)
  5. Huquq-tartibot o‘rnatilganligi va xavfsizlik ta’minlanganligi (O‘zbekiston 16-o‘rinda)
  6. Qonun hujjatlariga rioya qilinishi (O‘zbekiston 104-o‘rinda)
  7. Fuqaroviy odil sudlov (O‘zbekiston 78-o‘rinda)
  8. Jinoiy odil sudlov (O‘zbekiston 67-o‘rinda)

Ushbu indikatorlar bir vaqtning o‘zida bir nechta subindikatorlarga bo‘linadi. Indikatorlardagi natija aynan shu subindikatorlarning yig‘indisidan kelib chiqadi. World Justice Project ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston Hukumatning shaffofligi va Ijro hokimiyatiga bo‘lgan cheklovlar bo‘yicha eng past ko‘rsatkichlardan birini qayd etgan.

Mulkni adolatli musodara qilish subindikatori

Deputat Rasul Kusherbayev nazarda tutgan ushbu subindikator hukumat fuqarolar va korporatsiyalarning mulkka bo‘lgan huquqlarini hurmat qilishi, xususiy mulkni noqonuniy egallab olishdan tiyilishi, shuningdek mulk qonuniy ravishda olingan taqdirda yetarli miqdorda tovon puli berishini hisoblaydi.

O‘zbekiston "Qonun ustuvorligi" indeksida aynan shu ko‘rsatkichda eng yomon natijani qayd etib, 138-o‘rinni egallagan. O‘zbekistondan keyin reytingda faqatgina Venesuela davlati turibdi. Rasul Kusherbayev ushbu holatni sharhlab, "O‘zbekistonning mana shu kulgili ahvolga tushishiga hissa qo‘shgan barcha amaldorlarga "rahmat"", degan edi.

2020 yilda O‘zbekiston ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha 126-o‘rinda bo‘lgan, ammo unda reytingdagi mamlakatlar soni 128 tani tashkil qilgan, 2019 yilda esa 126 davlat ichidan yana Venesueladan ilgarilab 125-o‘rinni qo‘lga kiritgan. 2017−2018 yillarda 113 davlat orasida 110, 2016 yilda 113 ta davlat ichida 112, 2015 yilda (subindikator joriy qilingan yil) esa umuman 102 ta davlat orasida eng oxirgi o‘rinni egallagan.

*Infografikada O‘zbekistondan keyingi va oldingi uch davlat, shuningdek Top-3 mamlakatlar keltirilgan. Qo‘shimcha ma’lumotni ko‘rish uchun grafikning ustiga bosing.

Ijro hokimiyatiga bo‘lgan cheklovlar

WJP indeksining birinchi indikatori hukumatning vakolatlari qonun bilan qanchalik nazorat qilinishini o‘lchaydi. Bu indikator hukumat, uning mansabdor shaxslari va xodimlarining vakolatlari konstitutsiyaviy va institutsional vositalar (qonunchilik hokimiyati, sud hokimiyati, fuqarolik jamiyati va boshqalar) orqali cheklanishi va ularning qonunga muvofiq javobgarlikka tortilishini hisobga oladi. Shuningdek, ushbu indikator mustaqil OAVning hukumat olib borayotgan siyosatni erkin sharhlay olish qobiliyatini ham o‘z ichiga oladi.

Hukumat hokimiyatining cheklanganligini o‘lchash indikatorining tarkibiga kiruvchi "Hukumat vakolatlarining Qonunchilik hokimiyati tomonidan samarali cheklanishi" subindikatori qonun chiqaruvchi organ, ya’ni parlamentning amalda hukumatni samarali nazorat qilish bo‘yicha imkoniyatini o‘lchaydi. Ushbu subindikatorda ham O‘zbekiston 139 ta davlat ichida 137, ya’ni eng past o‘rinlardan birini egallagan. O‘zbekistondan so‘ng ro‘yxatni Belarus va Misr davlatlari tugatgan.

Hukumat hokimiyatining cheklanganligini o‘lchash indikatorining tarkibiga kiruvchi «Hukumat vakolatlarining Qonunchilik hokimiyati tomonidan samarali cheklanishi» subindikatori qonun chiqaruvchi organ, ya’ni parlamentning amalda hukumatni samarali nazorat qilish bo‘yicha imkoniyatini o‘lchaydi. Ushbu subindikatorda ham O‘zbekiston 139 ta davlat ichida 137, ya’ni eng past o‘rinlardan birini egallagan. O‘zbekistondan so‘ng ro‘yxatni Belarus va Misr davlatlari tugatgan.

Birinchi indikatorning navbatdagi subindikatori hukumat vakolatlari sud hokimiyati tomonidan samarali cheklanishini o‘rganadi. Ushbu subindikator sud hokimiyatining mustaqilligi va hukumatni nazorat qila olishini tahlil qiladi. Ushbu ko‘rsatgich bo‘yicha O‘zbekiston Kot-d'Ivuar, Zambiya, Vetnam, Eron, Efiopiya va Shimoliy Makedoniya kabi davlatlar bilan deyarli bir qatorda joylashib, 139 davlat ichida 115-o‘rinni egallagan.

Mamlakatda korrupsiyaning yo‘qligi

WJP qonun ustuvorligi indeksining ikkinchi indikatori mamlakatda korrupsiya yo‘qligini o‘lchaydi. Ushbu indikator korrupsiyaning uchta shaklini ko‘rib chiqadi: poraxo‘rlik, xususiy yoki davlat manfaatlarining noto‘g‘ri ta’siri mavjudligi va davlat mablag‘larini yoki boshqa resurslarni qonunga xilof ravishda sarflanishi. Bu indikatorda ijro etuvchi, sud, qonun chiqaruvchi, harbiy va ichki ishlar organlaridagi davlat xodimlari orasida ushbu uch turdagi korrupsiya mavjud yoki yo‘qligi o‘rganiladi. O‘zbekiston bu reytingda "o‘rta" ko‘rsatkichni qayd etgan.

Hukumatning shaffofligi

WJP qonun ustuvorligi indeksining uchinchi indikatori davlat idoralarining axborotni tarqatish darajasi va ochiqligini o‘rganadi. Shuningdek, hukumatning fuqarolar oldida hisobdorligini ta’minlash uchun vositalar mavjudligi va fuqarolarning davlat siyosati muhokamalarida ishtirok etishi tahlil qilinadi. O‘zbekiston hukumat shaffofligi indikatorida «o‘rtadan past» darajani qayd etib, 122-o‘rinni egallagan va Kongo, Niger, Gvineya kabi davlatlar bilan bir qatordan o‘rin olgan.

O‘zbekiston hukumat idoralarida saqlanadigan ma’lumotlarga bo‘lgan so‘rovlarga oqilona vaqt ichida javob qaytarilishi, ma’lumot aniq va to‘liqligi bo‘yicha subindikatorda oxirgi o‘rinlardan joy oldi. O‘zbekiston ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha Nikaragua, Sudan va BAA kabi mamlakatlar bilan deyarli bir natijani qayd etdi.

Asosiy huquqlarning ta’minlanganligi

Asosiy huquqlarning ta’minlanganligi bo‘yicha O‘zbekiston 109-o‘rinni egallab, Nigeriya, Marokko, Kot-d'Ivuar va Qozog‘istonga yaqin natijalarni qayd etdi.

«Inson huquqlari bilan bog‘liq ko‘plab boshqa indekslar mavjudligi va bitta Indeksda huquqning barcha turlarini qamrab olishning iloji yo‘qligi sababli, bu indikator Birlashgan Millatlar Tashkiloti umumjahon deklaratsiyasida qayd etilgan huquqlar ro‘yxati asosida tuzilgan», — deya reyting mualliflari ushbu indikatorni izohlashadi.

Asosiy huquqlar deyilganda yashash, shaxsiy daxlsizlik, ko‘chish, o‘z ona tilida gapirish, vijdon erkinligi va boshqa huquqlar tushuniladi.

Huquq-tartibot o‘rnatilganligi va xavfsizlik ta’minlanganligi

O‘zbekiston ushbu indikator bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichga ega davlatlar qatoriga kirgan.

«Xavfsizlik — har qanday huquqiy jamiyat uchun muhim jihatlardan biri va davlatning asosiy vazifasidir», — deya qayd etgan indeksi mualliflari.

Ammo O‘zbekistonning bu ko‘rsatkichdagi natijasi yildan yilga pasayib ketayotganini kuzatish mumkin. Xususan, 2015 yilda O‘zbekiston 102 ta davlat ichida 5-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2017−18 yillarda 113 tadan yettinchi, 2019 yilda 126 tadan o‘ninchi, 2020 yilda 128 tadan o‘n birinchi pog‘onani qayd etgan.