2 dekabr kuni hukumat qarori bilan import qilinadigan tovarlarga nisbatan tarif kvotalarini qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Nizomga ko‘ra, tarif kvotalari hajmlari Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan import qiluvchilar o‘rtasida taqsimlanadi. Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev import kvotalarining nima ekanligi va uning iqtisodiyotga ta’siri hamda qabul qilingan nizom sababli kelib chiqishi mumkin bo‘lgan yomon oqibatlar haqida fikr yuritadi.

Savdoni cheklash usullari

Savdoni cheklashning bir nechta o‘ziga xos usullari mavjud: boj bo‘lgan, boj bo‘lmagan hamda yashirin usullar (ba’zi hollarda ular bir vaqtda qo‘llaniladi).

Ko‘pchiliklikka ma’lum bo‘lgan bojli cheklovlar mamlakatga olib kirilayotgan tovarlar uchun boj stavkarini belgilash hisoblanadi. Boj stavkalari ikki shaklda bo‘lishi mumkin: birinchisi volorem, ya’ni import qilinadigan mahsulotning qiymatiga mos olinadigan tarif. Masalan, import qilingan shakarning 1 kg qiymati uchun 20% boj o‘rnatilsa bu volorem tarifga misol bo‘ladi. Tariflarning ikkinchi ko‘rinishi spetsifik tariflar hisoblanadi hamda bunday tariflar mahsulotning qiymatidan qat’iy nazar belgilangan miqdorda olinadi. Masalan, shakar importining har bir kilogrammi uchun 2 dollardan boj olinsa, unda bu spetsifik tariflarga misol bo‘ladi. Ya’ni import qilinayotgan mahsulotning narxi qanday o‘zgarishidan qat’iy nazar belgilangan tarif miqodori o‘zgarmaydi.

Amaliyotda yuqoridagi ikki ko‘rinishdagi tariflarning birga qo‘llaniladigan holatlarini ko‘p uchratish mumkin. Masalan, shakar importining har 1 kg qiymati uchun 20% lik lekin 2 dollardan kam bo‘lmagan miqdordagi bojlarning o‘rnatilishi ikkala turdagi tariflarning birga qo‘llanilishiga misol bo‘ladi.

Boj bo‘lmagan usullarga esa miqdoriy cheklash (kvota)ni misol qilib keltirish mumkin. Miqodoriy cheklashning bojlardan asosiy farqi shundaki, mamlakatga olib kirilayotgan tovarlar uchun yillik (oylik yoki kvartallik) miqdoriy cheklovlar o‘rnatiladi. Masalan, mamlakatga joriy yilda 100 tonna shakar olib kirish mumkin kabi. Import miqdori belgilangan darajaga yetgandan keyin bu mahsulot importi butunlay to‘xtatiladi. Ya’ni, yuqoridagi holatda shakar importi 100 tonnaga yetsa, mamlakatga yana shakar import qilish imkonsiz bo‘lib qoladi.

Yashirin usullarga esa import tovarlari uchun laboratoriya tekshiruvini o‘rnatish, qandaydir litsenziyalar talab qilish, yoki ichki ishlab chiqaruvchilarni subsidiyalash kabi ko‘plab misollarni keltirish mumkin.

Hozirgi kunda miqdoriy cheklash usuli hisoblangan kvotalarning yolg‘iz o‘zi kamdan kam hollarda qo‘llaniladi. Ya’ni ular aksariyat hollarda bojlar bilan birga keladi.

Tasavvuriy misol: shakar importining 100 tonnasi uchun 10% li import boji amal qiladi. 100 tonnadan oshgan har bir kg shakar importi esa aytaylik 100% lik bojga tortiladi. Xuddi shunga o‘xshash misollarni juda ko‘plab keltirish mumkin, masalan Janubiy Koreya yoki Yaponiya ichki guruch ishlab chiqaruvchilarini saqlab qolish maqsadida kvotali bojlardan foydalanadi. Koreyada guruch importining taxminan 400 ming tonnasi (umumiy iste’molning taxminan 15−20%) 5% li bojlar bilan import qilinadi, hamda bu miqdor bir nechta hamkor davlatlarga bo‘lib berilgan. Import hajmi 400 ming tonnaga yetgandan keyin har bir kg import qilingan guruch 500% dan yuqoriroq darajada bojlarga tortiladi (bunda import qilish deyarli ilojsiz bo‘lib qoladi).

Import kvotalari bo‘yicha yangi nizomning salbiy oqibatlari

2 dekarbda hukumat tomonidan qabul qilingan nizomga ko‘ra, import qilinadigan tovarlarga tarif kvotalari joriy qilinadi. Qarorda ushbu nizom prezidentning mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq qabul qilinganligi ham aytilgan.

Bir jihatdan olib qaraganda, bu nizomni xalqaro tashkilotga qo‘shilish uchun tashlanayotgan katta qadamlardan biri sifatida e’tirof etish mumkindir, ammo bu kabi savdoni cheklashning boshqa usullarini o‘ylab topilaversa, unda xalqaro tashkilotlarga qo‘shilish savdoni amalda erkinlashishiga olib kelmaydi. Aynan tarif kvotasi bo‘yicha joriy qilingan nizomning o‘zi ham bir nechta yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Birinchidan, nizom juda ham mujmal ko‘rinmoqda. Ya’ni nizomga ko‘ra, import tovarlarining belgilangan miqdori uchun belgilangandan pastroq darajadagi bojlar qo‘llanilsa, belgilangan miqdordan oshib ketgan miqdor uchun amaldagi bojlar qo‘llaniladi (nizomdagi ko‘rinishidan iloji boricha osonlashtirishga harakat qildim). Bir qarashda savdomiz erkinlashayotgandek ko‘rinadi, ya’ni qanchadir miqdor uchun amaldagidan pastroq, o‘sha miqdordan oshgan import uchun esa amaldagi bojlar qo‘llanilishi aslida savdoning erkinlashishiku.

Lekin unda bu nizomning ichki ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qarorga qanday aloqasi bor? Ya’ni agar biz ichki ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun bu nizomni qabul qilayotgan bo‘lsak, unda nizomning yuqoridagi ko‘rinishi mantiqsizroq bo‘lib qolgan bo‘ladi-ku. Menimcha, belgilangan kvotadan oshgan miqdor uchun amaldagi emas, balki yangi belgilangan boj rejimi amal qilishi belgilanadi (va shunda import qilish deyarli ilojsiz bo‘lib qoladi).

Ikkinchidan, bu nizom ikki jihatiga ko‘ra judayam xavfli. Nizomda keltirilishicha, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi belgilangan kvota miqdorini import qiluvchilarga bo‘lib beradi. Boshqacha aytganda, hukumat kimga import qilish huquqini berishni o‘zi hal qiladi. Bu esa o‘z-o‘zidan nafaqat biz kabi, balki istalgan davlatda korrupsiyaning yanada avj olishga sabab bo‘ladi. Ya’ni qaysidir sabablarga ko‘ra hukumat A importyorga B importyorga nisbatan ko‘proq kvota beradi hamda buning sababini hech kimga tushuntirib bermaydi. Bunday shakldagi kvota nafaqat ichki bozorni monopollashtiradi balki import qilish huquqini ham hukumat bo‘lib berishi natijasida import ham yanada monopoliyaga aylanadi.

Bundan tashqari, davlat qaysi davlatlardan import qilishni ham o‘zi belgilaydi, bu ham iste’molchilar uchun zarar bo‘lishi mumkin. Masalan hukumat qaysidir davlatdan import qilish boshqa davlatga nisbatan qimmatroq bo‘lsa-da, o‘zining siyosiy ambitsiyalariga ko‘ra qimmatroq davlatdan import qilishni tanlashi mumkin.

Savdoni cheklashning instrumenti o‘zgarishiga qaramasdan umumiy to‘siqlar darajasi bir xil saqlanib qolgan taqdirda ham tarifli-kvotalarning iqtisodiy oqibatlari bojlarga nisbatan ancha yomonroq.

Birinchidan, import uchun to‘siqlarning instrumenti o‘zgarishini iste’molchilar sezmaydi, ammo hukumat oldin importdan kelib tushgan tushumlarining bir qismini yo‘qotadi. Tarif-kvotasi sharoitida belgilangan kvota miqdori uchun bojlar oldingiga nisbatan pastroq shakllanadi, aynan shu sababli hukumatga keladigan boj tushumlari pasayadi, boj tushumlarining pasayishidan kelgan naf esa narxning pasayashi orqali iste’molchilarga emas, balki import qilish huquqini qo‘lga kiritgan importyorlar (yoki chet el eksporteri) hamda samarasiz ichki ishlab chiqaruvchilarga bo‘lib beriladi. Ya’ni hukumat savdoni cheklashning instrumentini almashtirishi iste’molchilarning foydasini ko‘zlab emas, balki qaysidir tanlab olingan importyorlar hamda samarasiz ishlab chiqaruvchilarni boyroq bo‘lishiga olib keladi.

Ikkinchidan, hukumat kvota belgilanadigan tovarlar uchun har yili kvota miqdorini belgilab beradi, ya’ni hukumat bozordagi iste’molchilarning qancha iste’mol qilishini ulardan ko‘ra yaxshiroq bilishiga da’vo qiladi. Ammo iste’molchilarning didi yoki tanlovlari o‘zgarib turadi. Masalan qaysidir yil (shartli birinchi yil) ular qaysidir tovarning import qilingan shaklini kamroq iste’mol qilsa, boshqa yilda (shartli ikkinchi yil) didning o‘zgarishi natijasida ko‘proq iste’mol qilishi mumkin. Bunday holatda tabiiyki, iste’molchilarning ikkinchi yilda import mahsulotlariga bo‘lgan talabi oshadi, lekin hukumat kvotalarni oldingi yildagi talabga qarab belgilaydi. Bu esa ikkinchi yilda import tovarlariga qondirilmagan talabni keltirib chiqaradi hamda import mahsulotlarining narxini oshiradi. Import tovarlarining narxi oshishi esa milliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarining ham narxining oshishiga olib keladi (import tovarlarining ichki bozorga qanchalik ta’sir qilishi import tovarlarining umumiy iste’moldagi ulushiga bog‘liq). Natijada bozordagi umumiy narx oshib ketadi. Boshqacha aytganda, bir xil darajada bo‘lgan import kvotasining iqtisodiyotga ta’siri import bojlaridan ko‘ra ancha yomonroq bo‘lishi mumkin.

Shuningdek nizomda aytilishicha, ichki ishlab chiqaruvchilar ham hukumatga o‘z takliflarini kiritishi mumkin ekan. Bu esa ichki bozordagi yirik ta’sirga ega bo‘lgan ba’zi ishlab chiqaruvchilarning vazirliklarga bosim o‘tkazishi yoki noqonuniy yo‘llar bilan ularga ta’sir qilish orqali o‘zlari ishlab chiqarayotgan tovarlariga import kvotalarini o‘rnatishga intilishlarini keltirib chiqarishi mumkin. Bu esa o‘zi shundoq ham iste’molchilarga uzoq vaqtdan buyon og‘riq berib kelayotgan ba’zi sohalar uchun savdoning yana uzoq vaqt erkinlashmasdan qolishiga olib kelishi mumkin.

Menimcha nizomdan ko‘zlanayotgan asl maqsad ham aynan shu bo‘lsa kerak, ya’ni hukumat xalqaro tashkilotlarga qo‘shilgandan keyin ham o‘zi strategik deb hisoblagan sohalarning himoya qilib qolinishini xohlaydi. Haligacha hukumat ba’zi sohalarning (masalan avtosanoat) haqiqatdan ham kelajak sohasi bo‘lishiga qattiq ishonadi. Lekin aynan shunday sohalar aslida iste’molchilarga ko‘proq zarar berib kelayotgan sohalar hisoblanadi. Ularning ulushi ham kichkina emas.

Qaysidir xalqaro tashkilotga a’zo bo‘lish natijasida import mahsulotlarining faqat 20 yoki 30% iga umumiy import to‘siqlari pasaysa-yu, qolgan 70 yoki 80% iga oldingidek saqlanib qolsa, ochig‘i bunday o‘zgarishni iste’molchilar deyarli sezmaydi. Masalan, agar O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lishi import mahsulotlarining 20% qismiga (qiymatga nisbatan) import to‘siqlarini 10% ga pasaytirsa (import to‘siqlarining 10% ga pasayishi import narxining ham 10% pasayishiga sabab bo‘ladi deb tasavvur qilsak), unda iste’molchilar bu pasayishni juda kam sezadi. Chunki 20% lik import tovarlari iste’molchilar umumiy iste’molining 8% ini tashkil etadi xolos. Umumiy iste’molning 8% (umumiy import iste’molning taxminan 40% qismini tashkil etadi, importning 20% qismi esa umumiy iste’molning 8% iga teng bo‘ladi) qismini tashkil etuvchi tovarlar narxining 10% ga pasayishi iste’molchilarning umumiy farovonligini atigi 0,8%ga oshiradi xolos. Ya’ni bunday o‘zgarishni iste’molchilar o‘zlarida deyarli his qilmaydi. Boshqacha aytganda, ular uzoq vaqtdan buyon kutgan o‘zgarishlar qaysidir xalqaro tashkilotga a’zo bo‘lish bilan amalga oshib qolmaydi.

Boshqa tomondan, qaysidir tovarlarga tarifli-kvotalarning o‘rnatilishi to‘siqlar darajasini oldingi faqat boj olingan rejimga nisbatan o‘zgartirmasa-da (shunday tasavvur qilsak), kvotaning ichki bozorga ta’siri bojlardan yomonroq bo‘ladi. Kvotali sharoitda import to‘siqlari ichki bozordagi narxni faqat boj olingan rejimdan ko‘ra ko‘proq oshirishi mumkin (masalan talabning o‘zgarishi natijasida importga talab birdan oshsa). Bu esa tabiiyki iste’molchilarning farovonligini pasaytiradi. Ya’ni xalqaro tashkilotga a’zo bo‘lishimiz natijasida iste’molchilarning farovonligining oshish darajasi 0,8% dan ham pastroq bo‘lishi mumkin. Bunda farovonlikning bir qismi kvotalarning yomonroq oqibatlari bilan yo‘qolishi mumkin.

Bundan tashqari, hozirgi kunda umumiy importning qariyb 40%i MDH mamlakatlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu davlatlar bilan esa mamlakatimiz erkin savdo zonasi shaklidagi bitimga a’zo hisoblanadi. Ya’ni bu davlatlardan import tovarlari shundoq ham past bo‘lgan bojlar bilan kirib keladi (bu davlatlar bilan asosan boj bo‘lmagan to‘siqlar savdoni cheklashda asosiy rol o‘ynaydi). JSTga a’zo bo‘lishimiz import tovarlari uchun to‘siqlarni yuqorida taxmin qilingandan ham pastroq darajada pasayishiga olib kelishi mumkin, chunki importimizning qariyb 40%i o‘zi shundoq ham past darajali bojlar bilan kirib keladi. Xalqaro tashkilotlarga a’zo bo‘lish esa bu davlatlar bilan savdoga katta ta’sir o‘tkazmaydi.

Xulosa shuki, bojli kvotalar import to‘siqlarini hozirgi darajadan oshirmagan taqdirda ham, davlatning bozorga aralashuvi keskin oshishi iste’molchilar uchun yomon natijalarga olib kelishi mumkin. Mening o‘ylashimcha, hukumat aynan ba’zi xalqaro tashkilotlarga qo‘shilishi arafasida shuncha vaqtdan buyon himoya qilib kelgan ichki ishlab chiqaruvchilarini himoya qilishda davom etish maqsadida bunday usul orqali savdoni cheklashga harakat qilayotgan bo‘lishi mumkin. Nima bo‘lganda ham, katta ehtimol bilan bu nizom iste’molchilarning farovonligi oshishiga emas, balki pasayishiga xizmat qiladi.

Savdoni haqiqatdan ham erkinlashtirmoqchi bo‘lgan hukumat uni turli yangi usullar bilan cheklash hamda murakkablashtirishga emas, balki uni erkinlashtirish va soddalashtirishga harakat qiladi. Afsuski, bizda bunday tendensiyani hozircha ko‘rayotganim yo‘q.

Mirkomil Xolboyev - iqtisodchi, Janubiy Koreyadagi Jeonbuk milliy universiteti Xalqaro savdo yo‘nalishi magistranti.