Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 dekabr kuni «Iqtisodiyot tarmoqlari uchun muhandis kadrlarni tayyorlash tizimini innovatsiya va raqamlashtirish asosida tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

Hujjatga muvofiq, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti — «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» Milliy tadqiqot universitetiga aylantirildi.

Universitet gidroenergetika, irrigatsiya, melioratsiya, qishloq xo‘jaligida innovatsion texnika va texnologiyalar, suv tejovchi sug‘orish texnologiyalari, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, geodeziya va geoinformatika, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlovchi tayanch oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.

Muassasaning qo‘shimcha asosiy vazifalari belgilandi:

  • sug‘orish tizimlari samaradorligini oshirish, tejamkor sug‘orish texnologiyalarini yaratish, «raqamli qishloq xo‘jaligi» va geoaxborot tizimlari asosida yerlarning meliorativ holatini baholashni yo‘lga qo‘yish hamda tuproq unumdorligini oshirishning takomillashgan usullarini ishlab chiqish;
  • zamonaviy o‘quv va ilmiy-laboratoriya bazasini shakllantirish, uni ilg‘or texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlash hamda sohani rivojlantirishga qaratilgan ilmiy-innovatsion tadqiqotlarni kengaytirish va ularning transferi bo‘yicha samarali tizimni shakllantirish;
  • ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ilmiy tadqiqotlar natijadorligini oshirish, suv resurslarini hisobga olish va boshqarish tizimini takomillashtirish, gidrotexnika inshootlarini loyihalash, qurish va foydalanishni raqamlashtirish borasida ilmiy yechimlarni ishlab chiqish;
  • o‘quv jarayoniga xalqaro ta’lim standartlarini joriy etish, ta’lim va tadqiqotni uyg‘unlashtirish orqali iqtisodiyot tarmoqlari uchun eng ilg‘or innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish;
  • tasarrufidagi ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va boshqalar belgilangan.

Universitet faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Boshqaruv kengashi tashkil etilmoqda, uni bosh vazir o‘rinbosari, investitsiya va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov boshqaradi.

Boshqaruv kengashi Universitetning moliyaviy yil uchun mo‘ljallangan biznes-rejasini tasdiqlaydi. Fanlar akademiyasi ilmiy muassasalari va tarmoq ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda ilmiy maktablarni rivojlantirish, ta’lim, ilmiy tadqiqot va ishlanmalar transferi jarayonlarini rivojlantirish hamda ilmiy tadqiqot va innovatsion ishlanmalar bo‘yicha buyurtmachilar bilan manfaatli hamkorlikni o‘rnatish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, ilmiy mahsulotlarni tijoratlashtirish, startap va akselerator faoliyatlarini yo‘lga qo‘yadi.

Bundan tashqari, yangi universitet tarkibida transformatsion ofis paydo bo‘ladi.

Mazkur ofis universitetni transformatsiya qilish va kompleks rivojlantirish dasturini amalga oshirish hamda 2025 yilga qadar xalqaro tan olingan tashkilotlarning oliy ta’lim muassasalari reytingida birinchi 1000 talik ro‘yxatga kiritish uchun mas’ul bo‘ladi.

OTMni tanitish bo‘yicha milliy va xorijiy OAV, Internet va boshqa vositalar orqali targ‘ibot tadbirlari o‘tkaziladi va reklama qilinadi.

Unda turli hisobot va ma’lumotlar sonini keskin kamaytirish uchun qog‘oz shaklidan voz kechish, boshqaruv tizimi va o‘quv jarayonlari, kutubxona va hujjatlar aylanmasini raqamlashtiruvchi «Raqamli Universitet» platformasiga to‘liq o‘tishini ta’minlash transformatsion ofis zimmasiga yuklatiladi.

Muassasaning 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab akademik va tashkiliy-boshqaruvdagi mustaqillik sohasida vakolatlari belgilandi. Universitet 2022 yil 1 yanvardan boshlab o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkaziladi.

Shuningdek, qaror bilan Universitet huzurida yuridik shaxs maqomiga ega Fundamental va amaliy tadqiqotlar institutini tashkil etish, Universitetning Buxoro filiali negizida Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish institutini tashkil etish, Universitetning Qarshi filiali negizida Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar institutini tashkil etish bo‘yicha takliflar ham tasdiqlandi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 1981 yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tugatgan. U Muhandis-mexanik mutaxassisligiga ega. Texnika fanlari nomzodi, dotsent. Mehnat faoliyatini ham 1981 yilda aynan mazkur institutdan boshlab, kichik ilmiy xodim, katta o‘qituvchi, dotsent, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimlarida ishlagan.

Sardor Umurzakovning otasi — marhum O‘ktam Umurzakov Pardayevich 2017 yilning mayidan 2021 yilning iyuliga qadar Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti rektori bo‘lib ishlagan.