Prezidentning 9 dekabrdagi qarori bilan Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Vazirlar Mahkamasiga o‘tkazildi, deya xabar berdi Norma. Bunda jamg‘armaning amaldagi moliyalashtirish tartibi va shtatlar soni saqlab qolinadi.

Hujjatga ko‘ra, jamg‘arma Vazirlar Mahkamasining Turizm, sport, madaniyat va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari kotibiyati tarkibiga kiritildi.

Ilgarigidek quyidagilar jamg‘armaning asosiy vazifalari hisoblanadi:

  • madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirishga ko‘maklashish, shuningdek, madaniyat arboblarini hamda tasviriy san’at, adabiyot, teatr, musiqa va xoreografiya sohalarida ularning tashabbusi bilan tashkil etiladigan tadbirlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;
  • xalqaro va davlatlararo madaniy aloqalarni kengaytirish, madaniyat va san’at sohasida xalqaro madaniy tashkilotlar va xayriya jamg‘armalari bilan hamkorlikni rivojlantirish, xorijiy sarmoya va grantlarni jalb etish, mamlakatimizda madaniyat va san’atga doir homiylikni rivojlantirishga ko‘maklashish;
  • madaniyatlararo ijodiy muloqotni yo‘lga qo‘yish va o‘zbek san’atining jahon badiiy va madaniy makoniga integratsiyalashuviga ko‘maklashish, shuningdek, mamlakatimizning madaniy va ilmiy-texnik salohiyati hamda raqobatbardoshligi bilan bog‘liq jihatlarni namoyish etish;
  • madaniyat va san’at sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, shu bilan birga, madaniyat va san’at muassasalarini zarur adabiyotlar va davriy nashrlar bilan ta’minlash va boshqalar.

Quyidagilar jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari hisoblanadi:

  • Vazirlar Mahkamasining hujjatlari (shu jumladan bayonnoma qarorlariga) asosan ajratiladigan respublika budjeti mablag‘lari;
  • jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini moliya tashkilotlarida joylashtirishdan olingan daromadlar;
  • yuridik va jismoniy shaxslarning hamda xalqaro tashkilotlarning homiylik xayriyalari, metsenatlik ko‘magi, grantlari;
  • qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 9 dekabrdan kuchga kirdi.