11 dekabr kuni BAAning Dubay shahrida o‘tgan professional boks kechasida o‘zbekistonlik super og‘irvazn toifadagi sportchi Bahodir Jalolov to‘qqizinchi (9−0, 9 KO) g‘alabasini qo‘lga kiritdi.

Unga raqib sifatida kolumbiyalik Xulio Sezar Kalimeno (4−2, 4 KO) ringga chiqdi.

6 raundga mo‘ljallangan jang 1 raundidayoq o‘z yakuniga yetdi. Bahodir Jalolovga raqibini nokautga uchratish uchun 46 soniyaning o‘zi yetarli bo‘ldi.

Video

27 yoshli o‘zbekistonlik sportchi jangdan so‘ng boshlovchining «Og‘irvazn toifasida chempionlikka tayyormisiz?», degan savoliga raqibi kim bo‘lishidan qat’iy nazar, jangga chiqishga tayyorligini aytgan.

Shundan so‘ng, undan boksning tirik afsonalari Entoni Joshua, Aleksandr Usik, Tayson Fyurilar haqida qanday fikrja ekanligi so‘ralgan.

«Men to‘g‘irisini aytsam, kim bilan bo‘lsa ham ringga chiqishga tayyorman. Entoni Joshua, Aleksandr Usik, Tayson Fyuri… Menga farqi yo‘q. Menga ular bilan jang bo‘lsa, bo‘ldi. Maqsadim shu og‘irvazn toifasida 4 ta kamar bo‘lsa, Shularning hammasini O‘zbekistonga olib ketish», — deya fikr bildirgan.

Bahodir Jalolov 2021 yil Tokioda o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida oltin medalga sazovar bo‘lgan edi. Shuningdek, u 2018 yildan beri barcha janglarda ketmna-ket g‘alaba qozonib kelmoqda.