O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janubiy Koreyaga 3 kunlik davlat tashrifi bilan 16 dekabr kuni boradi.

Ikki davlat rahbarlari sammiti esa 17 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi, deb Koreya prezidenti matbuot kotibining so‘zlarini keltirmoqda Yonhap News agentligi.

Shavkat Mirziyoyev va Mun Chje In davlatlar o‘rtasida «kelajakka qaratilgan va o‘zaro manfaatli» hamkorlikni kengaytirish chora-tadbirlarini muhokama qilishlari kutilmoqda.

Avvalroq, Janubiy Koreya prezidenti Shavkat Mirziyoyevga saylovdagi g‘alabasi bilan tabriklab yuborgan maktubida tashrif haqida so‘z borgandi. «Siz va rafiqangiz bilan joriy yil dekabr oyida Koreyada uchrashishimni orziqib kutmoqdaman», — degandi Mun Chje In.

Kelgusi yili Janubiy Koreya va O‘zbekiston diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlaydi.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 28 yanvar kuni O‘zbekiston va Janubiy Koreya prezidentlari onlayn-sammit o‘tkazgandi. Unda davlat rahbarlarining onlayn-sammit yakunlari bo‘yicha raqamlashtirish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida memorandum, EDCF bilan hamkorlik bo‘yicha 1 mlrd dollarlik dasturni amalga oshirish bo‘yicha bitim va boshqa hujjatlarni imzoladilar.

2019 yil 18−21 aprel kunlari Mun Chje In Markaziy Osiyo bo‘ylab safari doirasida O‘zbekistonga ham tashrif burgandi. O‘shanda davlatlar rahbarlari alohida strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzolagandi.

O‘zbekiston yetakchisi 2017 yilda davlat tashirfi bilan Koreyaga borgandi va unda Milliy majlisda nutq so‘zlagandi.