Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) respublika bo‘yicha jami 24,5 kgdan ortiq giyohvand moddalarni musodara qildi, deya xabar berdi DXX matbuot xizmati.

Jumladan, DXXning Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Farg‘ona shahrida yashovchi, muqaddam sudlangan fuqaro (1988 yilda tug‘ilgan) boshqaruvidagi «Spark» rusumli avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, uning salon qismida 4 kg 459 gr «opiy» va 2,975 kg. «gashish» giyohvand moddalari borligi aniqlangan. Tergovga qadar tekshiruv davomida, u avvalroq jinoiy sherigi (1993 y. t.)ga 7,9 kg «gashish» moddasi berganligi aniqlanib, ushbu narkotiklar ham tegishli tartibda olib qo‘yilgan.


Yana bir tezkor-qidiruv tadbirida esa ikki nafar fuqaroning (1973 y.t.) Farg‘ona shahridagi yashash manzilida 1,1 kg «gashish» hamda 991 gramm «opiy» moddalari protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Shuningdek, tadbir davomida ulardan narkotik sotib olish uchun Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlaridan kelgan ikki xaridor ham qo‘lga olingani aytildi.

Andijon viloyati DXX xodimlari tomonidan Xo‘jaobod tumanidagi «Do‘stlik» xalqaro nazorat o‘tkazish punktida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Andijon tumanida istiqomat qiluvchi, muqaddam sudlangan fuqaro (1988 y. t.) boshqaruvidagi «Spark» rusumli avtomashinada 6,1 kg «gashish» moddasi olib qo‘yildi.

Qashqadaryo viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda «Surxondaryo — Farg‘ona» yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan, Uchko‘prik tumanida yashovchi fuqaro (1974 y. t.) boshqaruvidagi avtotransport vositasi «Umakay» YPX maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi. Natijada, avtomashinada xo‘jalik mollarini o‘lchashga mo‘ljallangan taroziga xufiyona joylashtirilgan 1,047 kg giyohvand moddasi borligi aniqlandi. Shu bilan birga, unga ushbu giyohvandlik moddasini berib, ortidan kuzatib kelayotgan jinoiy sherigi, Denov tumanida istiqomat qiluvchi, muqaddam «geroin» moddasi savdosi bilan bog‘liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan fuqaro (1973 y. t.) ham hibsga olindi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida DXX va Davlat bojxona qo‘mitasining hududiy boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirida Ellikqal’a tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan fuqaroda (1988 y. t.) 2990 dona «Tramadol» giyohvandlik vositasi topilib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.


O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 5,450 kg «opiy», 19,210 kg «gashish» hamda 2990 dona «Tramadol» giyohvandlik vositalari musodara qilindi.

Qayd etilishicha, barcha holatlardagi giyohvandlik vositalari kelgusida sotish maqsadida qo‘shni davlatlardan kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tilgan. Hozirda mazkur holatlar bo‘yicha Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.