«Gazeta.uz» «Xorijdagi o‘zbekistonliklar» loyihasi doirasida chet el oliygohlarida o‘qiyotgan yoki xorijda ta’lim olib, hozirda o‘sha yerda ishlayotgan o‘zbekistonliklar bilan suhbat uyushtiradi. Ushbu suhbatlarda ularning chet eldagi hayoti, nega xorijiy ta’limni tanlaganligi, ularning boshidan o‘tgan sinovlar haqida so‘z boradi. Loyihaning navbatdagi mehmoni — Saidaziz A’zamov.

Saidaziz A’zamov 2017 yilda O‘zbekiston davlat Jahon tillari universitetini tamomlagan. 2014 yildan boshlab loyihalar boshqaruvi, kommunikatsiyalar va marketing sohalarida turli xil vazifalarda ishlagan. AQShdagi faoliyati Baltimorda joylashgan multimedia studiosida boshlangan. Keyin San Fransiskoga ko‘chgan, u yerda kodlashni o‘rgangan va konsalting firmaga post-Sovet hududida yangi loyihalarni ishga tushirishda yordam bergan.

— Yoshligingizdan to xorijga ketguningizga qadar bo‘lgan davr haqida gapirib bersangiz…

— Yunusoboddagi ko‘p qavatli uylardan birida katta bo‘lganman. Ota-onamdan tashqari, buvim va bobom ham bizni tarbiya qilishgani mening bugungi shaxsiyatim, bosib o‘tgan yo‘limga katta ta’sir qilgan deb o‘ylayman. Oddiy mahalla maktabida o‘qiganman, onam shu maktabda dars berganlar, ko‘p sho‘xliklar men uchun dabdaba edi. Ammo yozda daraxtdan daraxtga tomdan tomga chiqib, to‘polonni ham boplardik.

Men yashagan mahallada yozuvchilarning uyi bor edi. Men ko‘proq o‘sha tarafdagi sinfdoshlarim va boshqa do‘stlarim bilan vaqt o‘tkazishni yoqtirardim. Hozir bolaligimni eslab kimga shu «dom» haqida aytsam, «Ie, yozuvchilar hamma mahallada bor» deb kulgiga olishadi. Yo‘q, sovet me’rosi — anonim shikoyatchilarning bunga dahli yo‘q, u «dom»dagi kvartiralar 90-yillarda davlat tomonidan adib va shoirlarga berilgan edi. Respublikadagi ilg‘or nashrlar muharrirlari, televideniyechilar, ziyolilar jamlangan ko‘cha edi u.

LEGO`lar o‘ynash yarashmayroq qolgan paytlardagi bolalik mashg‘ulotim oila davrasida krossvord yechish edi. Smartfonlar chiqquncha «zap paytida katta bo‘lib olgan ekanman», deb o‘ylab qolaman.

8-sinfda maktabimizning bir burchagida ochilgan ingliz tili o‘quv markaziga bordim. O‘shandan sal oldin yoki sal keyin uyimizdagi eski «EVM»ni Pentium 4`ga almashtirdik. Ingliz tili, kompyuter, ABBYY Lingvo offlayn ilovasi, dial-up internet tufaylimikan, nima bo‘lsa ham dunyo kezaman, tilshunos, tarjimon yoki jurnalist bo‘lamanga tushib qoldim.

O‘zimni u yerga, bu yerga urdim, volontyorlik qildim, gazetaga internetdan olingan narsalarni tarjima qilib yurdim. Pod’ezdimizdagi universitetga kirgan yagona qo‘shnimdan «repetitor"-o‘qituvchining kontaktini olib, bir yil faqat bitta fan — ona tili va adabiyotdan avgust imtihonlariga tayyorlandim. 2013 yili jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirib, uni 2017 yilda bitirdim.

Universitetda o‘qish paytida jurnalistikadan ham ko‘ra «public relations»ga, yoshlarda ortiqcharoq, kattalarda esa yetishmaydiganroq maksimalizm tufaylimikan, mamlakat imiji, xalq diplomatiyasi degan mavzularga qiziqdim. Diplom ishimni shunga yaqin mavzuda yoqlab, shu yo‘nalishda bir muddat ishladim. Taqdir taqozosi bilan O‘zbekiston imiji yo‘lida Rossiya va Fransiyaga xizmat safarlariga bordim. Shveysariyada inqirozli vaziyatlarda jamoatchilik bilan ishlash bo‘yicha qisqa kursni o‘tib keldim. Biroz o‘tgach esa AQShga o‘qish uchun ko‘chib keldim.

Foto: Saidaziz A’zamovning shaxsiy arxividan

— Siz 2014 yildan beri O‘zbekistonda turli loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etgansiz, shuningdek, marketing sohasi bilan ham shug‘ullangansiz. O‘sha vaqt haqida xotirlay olasizmi, qanday loyihalarda ishlagansiz, o‘sha davrda marketing qanday bo‘lgan?

— 2014 yildan to AQShga kelgunimgacha turli media tashkilotlar, davlat va nodavlat xo‘jaliklarda ishladim. Navoiy yozib ketganidek, «El netib topgay menikim, men o‘zimni topmasam». Ehtimol shu yillar davomida men o‘zimni izladim, o‘z imkoniyat va kamchiliklarim, istak-u xohishlarimni kashf qilishga urindim. Mana shu, ruscha qilib aytganda, «qimmatbaho hashamat» ekan. Oylikni oylikka ulaydigan oddiy ishchilar bo‘lishsa ham e’tiqodi, ichki dunyosi e’tiboridan badavlat ota-onam bo‘lmaganida qorin g‘ami, ro‘zg‘or g‘ami bilan bo‘lib men hech qachon dunyoni ko‘rmasdim balki.

Dastlab universitetimizga qarashli ilmiy jurnal, «Boshlang‘ich ta’lim», «Ma’rifat», «Xalq so‘zi» kabi nashrlar, MY5, Sevimli telekanallari kamina uchun «sandbox» — «tuproq to‘kilgan o‘yingoh» bo‘lgan bo‘lsa, keyinchalik «10 Reasons to Visit Uzbekistan» kitobini yaratgan jamoa, O‘zbekistondagi katta blokbaster film ijodkorlari, Mirziyoyev prezidentligining ilk yillarida taksiga chiqsangiz eshitadiganingiz ijobiy ijtimoiy fikrni shakllantirish ustida ishlagan mutaxassislar, yoshlar siyosati sohasidagi, shunaqa deyish o‘rinli bo‘lsa, murg‘ak kadrlar bilan bir qozonda qaynadim.

Bular bilan parallel ravishda ingliz tili, texnologiyalar, chet elda o‘qish va karera qilish kabi qiziqishlar bilan mushtarak bo‘lgan tengdoshlarimiz, uka-singillarimizni jalb qilib Young Leaders Development Project`ni amalga oshirdik, Markaziy Osiyo Ëshlar Tarmog‘i a’zosiga, BMTning Nyu Yorkdagi anjumanlari ishtirokchisiga aylandik.

Men marketing sohasida asosan kopirayter bo‘lib ishlaganman. Marketingniyam shu kommunikatsiyalar qismida ishlaganman, shu ham, ochig‘i, moliyaviy manfaat uchun. Chunki, bilasiz, reklamada, marketingda jurnalistikadan ko‘ra pul ko‘proq.

— Nega O‘zbekistonda yaxshi ishingiz bo‘la turib xorijga ketib, o‘qishni davom ettirishni istadingiz? Bunga aniq sabab bormi? Nima uchun aynan AQShni tanlagansiz?

— 2019 yil boshidan O‘zbekiston milliy kinokomissiyasiga xalqaro aloqalarni yuritish, «O‘zbekistonda film suratga oling» kampaniyasini amalga oshirishda ko‘maklashish uchun taklif qilishdi. Gong Kong, Berlin, Kann, Los Anjeles va London shaharlaridagi yirik media tadbirlarda dunyoga endi ochila boshlayotgan, jahon kinolokatsiyalari xaritasida nisbatan yangi mamlakatimizni tanitish ishlarini boshladik. Shu paytlarda menda AQShga ko‘chib ketish imkoniyati paydo bo‘ldi. Shungacha Amerikaga ikki marta kelib ketganim uchun, yana ish faoliyatim davomida bilim va tajribalar yetarlimasdek tuyulgani uchun Kaliforniyaning San Fransisko shahriga ko‘chishga qaror qildim.

— «Amerika Ovozi»ga bergan intervyuingizda siz o‘z yaqinlaringiz sizga «qanaqa uy olding, qancha pul yuboryapsan yoki qanday mashina olding», deb savol berishlarini, siz esa bu yerga faqat pul uchun kelmaganingizni bildirgansiz. Nima deb o‘ylaysiz, nega o‘zbekistonliklar xorijda mehnat qilayotgan insonlardan shu kabi savollarni ko‘proq so‘rashadi?

— AQShga kelgach, ochig‘i, vizam uchungina o‘qib yurdim. Kelganimning birinchi yili to pandemiyaga qadar faqat pul topish haqida bosh qotirib qoldim. Buning sababi, amerikancha termin bilan aytganda, «peer pressure» (tengdoshlar bosimi — tahr.). Xohlaymizmi, xohlamaymizmi, Amerikadagi o‘zbekistonliklardan vatanda katta-katta remittanslarni (mehnat muhojirlari yuboradigan pul o‘tkazmalari — tahr.) kutishadi. Amerikadagi o‘zbekistonliklarning aksariyati esa dengiz ortidagi ulkan imkoniyatlar, uzoq muddatli, strategik maqsadlardan ko‘ra naqdiga qiziqishadi.

Men bir muddat shu bosim ostiga tushdim. Allohga shukur, yashash, yeb-ichishdan umuman qiynalmadim, uyga ham biroz yordam qildim. Lekin Vuxandan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reys qabul qiluvchi San Fransisko shahrida karantinda qolib ketganim uchunmi yoki xizmat ko‘rsatish sohasidagi vaqtni pulga ayirboshlashga asoslangan tirikchiligim jonimga tekkani uchunmi — ehtimol ikkala omil sabab — kareramni rivojlantirishga qat’iy qaror oldim.

Garvardning CS50 kursini, Virjiniya universitetining «Jamiyatda biznesning yangi modellari» kabi kurslarini o‘qidim. Yana sobiq sotsialistik blok mamlakatlarida biznes transformatsiyalari bilan shug‘ullanadigan kompaniyada tadqiqotchi bo‘lib ishlab, shu yo‘nalishni o‘rganishga tushdim.

Albatta g‘aribning hayoti dabdabali emas, kamroq o‘qib, ko‘proq «soqqa qilganimda» O‘zbekistondagi do‘stlarim, qarindosh-urug‘lar bilan ham dadil gaplashardik. Hozircha yana kamtarmiz juda. Boshimizni egib, «E qachongacha o‘qiysan, shundoq joylarda yuribsan, soqqani bosmaysanmi» degan gaplarga, «odam bo‘p qolarman» deb hazil-huzul qilib ketilaveradi-da.

Foto: Saidaziz A’zamovning shaxsiy arxividan

— Xorijga ketishdan avval siz uchun eng katta motivatsiya nima edi?

— Eng katta motivatsiya — men uchun ota-onamni rozi qilish. Ularga munosib, ularga yaxshi gap olib keladigan farzand bo‘lish. Bu borada mutlaqo murosasizman va hech qanday ko‘zbo‘yamachilik yoki sovuqqonlikka bormayman.

Masalan, mening ota-onam kabi hayotining ko‘p qismini «perestroyka» va «yovvoyi to‘qsoninchi yillarda» o‘tkazib yuborgan, o‘ta sodda va kamtar odamlarni rozi qilish qiyin emas. Arzimagan narsalarga xursand bo‘lib, duo qilib o‘tirishadi. Ammo meni tom ma’noda ularning baxtli bo‘lishi qiziqtiradi. Mening volidam Toshkent viloyatidan tashqariga chiqmaganlar. Umrlari bino bo‘lib hatto Samarqandgayam bormaganlar. Mana, men shu qurbonlikning mevasiman-da. Meni yediraman, kiydiraman deb, ota-onam nimalardan kechishmadi ekan.

«Onam jannatim, otam davlatim» deb bir buket gul jo‘natish qiyin emas, bunaqa yuzaki narsalar arzon va oson, va aldamchi. Lekin ko‘ngillari xotirjam bo‘lsin, to‘lsin, dunyo ko‘rsinlar, hech narsani o‘ylamay, bizga bosh bo‘lib, nabiralariga tarbiya berib, kitoblar o‘qib berib o‘tirsinlar deyman. Amerikaga kelgunimgachayam, undan keyinam maqsadim, meni intiltiruvchi kuch shu bo‘lib qolaveradi.

Yana ota-onam kabi boshqa insonlar ham o‘z farzandlaridan rozi bo‘lsin uchun Young Leaders Development Project`ga o‘xshagan, ehtimol unday balandparvoz nomlarsiz bo‘lsa ham, umuman nomi bo‘lmasa ham, biror ijtimoiy ahamiyatga ega ishlarni qilish mening hayotdagi undovlarimdan.

— O‘zbekistondan ketganingizdan keyin dunyoqarashingiz qay darajada o‘zgardi deb o‘ylaysiz?

— Juda o‘zgardi, lekin bu ko‘chishim bilan bog‘liqmi, ammo yoshim o‘zgarishi bilan bog‘liq tabiiy jarayonmi, shunga e’tibor qaratish kerak. Migratsiya odamda deyarli hech narsani o‘zgartirmasligini o‘nlab odamlar, ularning miyasida O‘zbekistonda shakllanib, yo‘qolmagan o‘rnashmalar misolida ko‘rdim. Shuning uchun boshqa jamiyatga ko‘chishning o‘zi katta o‘zgarishlar qilishiga skeptitsizm bilan qarayman.

— AQShga borganingizdan keyin qiyinchiliklar bo‘ldimi? Eng katta qiyinchilik nima edi?

— Aytarli qiyinchilik bo‘lgani yo‘q. Yaqinlarimni, ota-onamni, ukamni, opam va jiyanlarimni qattiq sog‘inaman. Afsuski, AQShga ko‘chganimdan beri hali O‘zbekistonga borib kela olmadim. Eng katta dard shu.

— Xorijga ketishingizga oilangizdagilar qanday qarashdi?

— Ota-onam xorijga ketishimga ijobiy qarashgan. Ammo ular doim xohlashadiki, men tezroq qaytsam, ularning bag‘rida vatanga xizmat qilib, uning rivojiga, alxusus, undagi oilalarning sonini bittaga ko‘payishiga, aholisi oshishiga hissa qo‘shib yursam.

Foto: Saidaziz A’zamovning shaxsiy arxividan

— Sizning Telegram`da o‘z shaxsiy kanalingiz bor va unda AQShdagi jarayonlar, turmush tarzi haqida hamda O‘zbekistondagi jarayonlarga munosabatingizni yozib borasiz. Xorijdagi inson o‘zi yashayotgan joyni keng ommaga havola etib borishi qanchalik muhim?

— Men Telegram`da «Dengiz ortidan» kanalini yuritaman. Ammo Facebook va Instagram`ga kirmayman. Men uchun LinkedIn hayotimda juda katta yordam bergan ijtimoiy tarmoq. Telegram`da kanal yuritish esa blogingning asab va vaqt nisbatan kamroq ketadigan usuli. Kanalimga xohlagan paytim turli mavzularda yozib qolaman. Ammo shunchaki kundalik voqealarni yozishdan ko‘ra odamlar uchun qiziq deb o‘ylaganlarimnigina ularga foydasi tegib qolar deb yozaman.

Meni asosan o‘zimdan 5−6 yosh kichkinalar kuzatar ekan, bu menga katta mas’uliyat yuklaydi. Amerikada yashash o‘zbek tilida, yana lotin alifbosida o‘qiydigan vatandoshlarim uchun katta yutuq, katta narsa deb qaraladi. Men ozgina bo‘lsa ham bu privelegiyani su’istemol qilgim kelmaydi, ham Amerikadagi hayot, ham yaqinlarim va OAV orqali O‘zbekiston haqida eshitganlarimga o‘z fikrimni bildirib ketaman.

— Kelajakdagi rejalaringiz qanday? O‘zbekistonga qaytasizmi?

— Albatta, O‘zbekistonga qaytib, Amerikadaligimda o‘rganganlarim samarasi sifatida millatimizga xizmat qiladigan ishlar qilish niyatimiz bor.

— O‘zbekistonda o‘qigan universitetingizda o‘rgangan eng katta sabog‘im, deb aynan nimani ayta olasiz? Umuman O‘zbekistonda oliy ta’limda yoshlar o‘zi nimalarga urg‘u berishi kerak?

— O‘zbekistonda yozishni, matnlar ustida ishlash, tahrir qilish bo‘yicha o‘rganganlarim hayotimda katta yordam berdi. Hozir yopilib ketishga ulgurgan xalqaro jurnalistika fakultetida ustozlarim Shahnoza To‘ychiyeva, Akbar Nurmatov, Beruniy Alimov, Venera Qayumova, Galina Kan, Gulmira Shukurova, Iroda Ismoilova, Nazira Qurbon, Nargis Qosimova, Nargiza To‘xliyeva, Tursunali Qo‘ziyev, Halim Sayyid, Xurshid Do‘stmuhammad va ular singari qator zabardast mutaxassislarga shogird bo‘lganimdan faxrlanaman. Yana Fayzulla Mo‘minov domlamizning bir nechta leksiyalarida o‘tirganman, shu odam «to‘rt yil umringizni bekor o‘tkazmanglar», deb aytgan edi.

O‘zbekistonda o‘qiyotgan talabalar uchun aynan shuni qayta zikr qilgan bo‘lar edim. Universitet juda ham yomon bo‘lsa, o‘qishni tashlash kerak. Talabalikni, bitirib diplom olishni «kult»ga aylantirish kerakmas. Ammo samimiy, vijdonli, fidoyi domlalarning bilimini limonning suvini siqqandek siqib olish zarur, kerak bo‘lsa. Va baho uchun o‘qimaslik kerak. Bu nafaqat befoyda, balki zararli hamdir. Odatda eng muvaffaqiyatli talabalar bitta fandan beshga, qolganlaridan uchga o‘qiganlari bo‘lib chiqadi. Buni o‘zim bilan birga o‘qigan jurfakchilar misolida ko‘raman.

— Ayni vaqtda O‘zbekistondagi tengdoshlaringiz, kichik yoshdagilar va umuman xorijga o‘qishga bormoqchi bo‘lgan yoshlarga qanday maslahatlar bergan bo‘lardingiz?

— Fundametal bilimlarni egallashsin. Bugun aktual, ammo ertaga ahamiyatini yo‘qotadigan mayda va yuzadagi ma’lumotlarga urg‘u bermasdan, chuqur va keng izlanishlar qilishsa, o‘zlariga ham, jamiyatga ham yaxshi bo‘ladi. Menga rahmat aytishar o‘shanda, aytishmasa ham mayli.

— O‘z sohangiz bo‘yicha 3 ta va sohangizdan tashqari siz o‘qish kerak deb hisoblaydigan 3 ta kitob tavsiya qiling (istalgan tilda).

— Ëzish bo‘yicha Stiven Kingning «On Writing: A Memoir of the Craft» kitobini bir o‘qib ko‘rishsin, o‘zim endi o‘qiyapman, tajribadan kelib chiqqan yaxshi narsalar yozgan ekan. Hozir stolim ustidagi kitob Jini Ditrixning «Spin Sucks» kitobi. Jamoatchilik bilan aloqalarga qiziqadigan talabalar, yoshlar, umuman mutaxassislarda albatta bu kitob bo‘lishi kerak. Nafaqat varaqlab chiqiladigan, chamamda keyslarga qarab qayta-qayta qo‘llanadigan kitob.

Umuman, menga oxirgi yillarda o‘qiganlarimdan «Why Nations Fail», «What I Wish I Knew When I Was 20», «Zero to One» kitoblari juda ma’qul keldi, shularni tavsiya qilaman.

Foto: Saidaziz A’zamovning shaxsiy arxividan

Qisqa savollar

— Nimadan afsuslanasiz?

— «Fond Forum» g‘oyalari va Gulnora Karimovaga ishonganimdan.

— Xorijda nima sizni tushkunlikka tushirib qo‘ygan edi?

— Ba’zida o‘z prinsiplarimga qarshi borganim, ba’zida ish va o‘qishning nihoyatda ko‘pligi.

— Agar 10 yil ortga qaytish mumkin bo‘lganda, qaysi xatoyingizni takrorlamas edingiz?

— Kitob o‘qirdim. Universitetga kirgunimgacha juda kam kitob o‘qiganman, badiiy asarlarga ayniqsa bepisand qaramagan bo‘lardim.

— 5 yildan so‘ng Saidaziz A’zamov o‘zini qayerda va qanday holatda ko‘radi?

— Oila qurgan, farzandlarini katta qilayotgan bo‘lishni niyat qilaman. Yana millatga, ummatga xizmat qiladigan xo‘jaligim, halol kasbim bo‘lsin deyman.

Og‘abek Samisov suhbatlashdi.