Qoraqalpog‘istondagi quyi Davlat biosfera rezervati 27 noyabr kuni boshlangan o‘rmon yong‘inini o‘chirishga qayta olov olishini hisobga olgan holda uch kun vaqt ketdi, deb xabar berdi O‘zbekiston FVV matbuot xizmati.

Yong‘in haqida xabar soat 17:30lar atrofida Amudaryo tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limiga kelib tushgan. Yong‘in-qutqaruv ekipajlari soat 19:10da yong‘inni o‘chirish ishlariga kirishgan (Tuman yong‘in-qutqaruv qismi voqea joyidan 47 km uzoqlikda joylashgan). 28 noyabr kuni soat 05:15da yong‘in qurshab olinib, 08:04da o‘chirilgan, deyiladi xabarda.

Yong‘in sodir bo‘lgan joyda qayta yong‘in o‘choqlari paydo bo‘lishining oldini olish maqsadida voqea joyiga 5 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji, Mintaqaviy qutqaruv otryadidan 1 ta bo‘linma va yordamchi texnikalar, 2 ta buldozer, 2 ta pogruzchik, 2 ta suv tashuvchi mashinalar jalb etilgan. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston FVBdan — 50 nafar, O‘rmon xo‘jaligidan — 20 nafar, Qoraqalpog‘iston Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasidan — 5 nafar, tuman Obodonlashtirish bo‘limidan — 20 nafar xodim chaqirilgan. Umumiy hisobda 95 nafar xodim jalb etilgan va 3 guruhga bo‘lingan holda kecha-kunduz navbatchilik yo‘lga qo‘yilgan.

29 noyabr kuni yong‘in qoldiqlari qayta alanga olgan 10:25 lar atrofida o‘chirishga kirishilib, 30 noyabr kuni soat 03:30da olov to‘liq o‘chirilgan. Yong‘indan jabrlangan va halok bo‘lganlar yo‘q. «Nazarxan» ovul fuqarolar yig‘inidan yong‘in sodir bo‘lgan joygacha masofa taxminan 8 kmni tashkil etadi.

Hozirda keltirilgan zarar miqdori aniqlanmoqda, voqea joyida hamkor vazirlik, idora va xizmatlar kuch-vositalari navbatchilik olib bormoqda.

Davlat ekologiya qo‘mitasining xabariga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonning Beruniy va Amudaryo tumanlari hududida joylashgan rezervatning umumiy maydoni 68,7 ming gektarni tashkil qiladi.

Tungi vaqtda esgan shamol olovning qayta alangalanishiga olib kelgani aytilmoqda. Yong‘in natijasida dastlabki o‘rganishlar bo‘yicha taxminan 30−35 gektar atrofidagi to‘qayzorga zarar yetgan. «Gazeta.uz»ga Bioxilmaxillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar bosh boshqarmasi aniqlik kiritishicha, yong‘in boshlangan hududda chodirlar o‘rnatilgan bo‘lgan.

Qo‘mita aniqlik kiritishicha, yong‘inni bartaraf etishga FFVning Amudaryo tumani va Nukus shahar bo‘limlari, Milliy gvardiya, «Saygachiy» majmua (landshaft) buyurtma qo‘riqxonasi, «Sudoche -Akpetki» davlat buyurtma qo‘riqxonasi, «Janubiy Ustyurt» milliy tabiat bog‘i xodimlari ham jalb etilgan.

Yong‘in kelib chiqqan joy O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi chegara hudud hisoblanadi. Yong‘inning boshlanish nuqtasi Nazarxon uchastkasi yaqinidagi hudud qo‘shni davlatga tegishligi aniqlangan.

Mazkur hudud Amudaryo daryosining o‘rtasida joylashgan orol bo‘lib, umumiy maydoni 562 gektardan iborat. Shundan 420 gektar yer maydoni Quyi Amudaryo biosfera rezervatiga tegishli va 142 gektar yer maydoni Turkmaniston hududi hisoblanadi, deyiladi xabarda.