Toshkent shahrida valyuta qimmatliklarining noqonuniy muomalaga kiritilishining oldi olindi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

Departamentning Mirzo Ulug‘bek tuman bo‘limi tomonidan DXX va IIV xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, valyuta qimmatliklarini noqonuniy muomalaga kiritish bilan shug‘ullanib kelgan fuqaro A. fuqaro J. dan 3 300 dollarni 35,3 mln so‘mga sotib olgan vaqtida ushlangan.

Uning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganida, 158 dollar, 3 050 qirg‘iz somi, 195,5 mln so‘m va 1 dona pul sanash apparati mavjudligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.