Qirg‘izistonda hokimiyatni kuch bilan egallab olishga urinish bostirildi. Bu haqda juma kuni respublika Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (GKNB) matbuot markazi ma’lum qildi, deb xabar bermoqda mahalliy 24.kg nashri.

Xabarga ko‘ra, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi tomonidan «bo‘lajak parlament saylovlari xavfsizligini ta’minlash» bo‘yicha olib borilgan ishlar davomida bir guruh shaxslar «barqarorlikni buzish maqsadida provokatsiyalar uyushtirishni rejalashtirganliklari» haqida ma’lumot olingan.

Mazkur holat yuzasidan Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining «hokimiyatni zo‘ravonlik yo‘li bilan egallab olishga tayyorgarlik ko‘rish» moddasi bo‘yicha tergovga qadar tergov harakatlari boshlangan.

Ismi va familiyasi hozircha e’lon qilinmagan gumonlanuvchilar parlament saylovlari natijalari e’lon qilinganidan so‘ng «ayrim siyosiy kuchlar, jumladan, saylovda mag‘lub bo‘lganlar ko‘magiga tayanib» Bishkek hududida ommaviy norozilik namoyishlari uyushtirishni rejalashtirgan. Ular huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan to‘qnashuvlar keltirib chiqarishni ham maqsad qilgani aytilmoqda.

Qayd etilishicha, ushbu rejalarni amalga oshirish uchun gumonlanuvchilar 1000 ga yaqin «tajovuzkor yoshlar»ni jalb qilmoqchi bo‘lgan.

Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi ishtirokchilarning yashash joylari va ular ijaraga olgan ofislarda tintuv o‘tkazilib, hujjatli materiallardan tashqari o‘qotar qurollar, o‘q-dorilar va giyohvand moddalar topilganini qayd etdi.

Ushbu ish doirasida 15 kishi hibsga olingan. «Hozirda mazkur jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari davom ettirilib, yuqorida qayd etilgan jinoiy guruhning boshqa a’zolari aniqlanib, ularning qilmishlariga ham tegishli huquqiy baho beriladi», — deyiladi matbuot markazi xabarida.

Saylovlar 28 noyabrga belgilangan.