O‘zbekiston energetika sohasida e’lon qilingan loyihalar bo‘yicha markaziy Osiyo davlatlari orasida yetakchiga aylandi. Bu haqda Yevroosiyo taraqqiyot banki (YeOTB) hisobotida ma’lum qilindi.

YeOTB ma’lumotlariga ko‘ra, investitsiya loyihalarining umumiy hajmi 21,76 mlrd dollarga baholanmoqda. Mamlakatning yetakchi mavqega ega bo‘lishida qiymati 11 mlrd dollarlik atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha e’lon qilingan loyiha alohida o‘rin tutadi.

Shunga qaramay, O‘zbekiston issiqlik energiyasini ishlab chiqarishni rivojlantirish bo‘yicha ham yetakchi (6,89 mlrd dollar) bo‘lib, gidroelektr stansiyalarini (2,55 mlrd dollar) rivojlantirish bo‘yicha faol sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, ko‘p tomonlama taraqqiyot banklari O‘zbekistonning energetika sohasiga 4,7 mlrd dollar sarmoya kiritgan, bu ham Markaziy Osiyodagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. YeOTB hisobotiga ko‘ra, investitsiyalarning 46,3 foizi respublika suv-energetika kompleksi (SEK) hissasiga to‘g‘ri keladi.

O‘zbekistonda AES

O‘zbekistonda 2019−2029 yillarda atom energetikasini rivojlantirish konsepsiyasiga ko‘ra, mamlakatda atom elektr stansiyasini qurish 2022 yilga mo‘ljallangan. Stansiya O‘zbekiston davlat budjeti va Rossiya davlat krediti hisobidan quriladi.

Loyiha Jizzax viloyatida quvvati 1,2 GVt/soat bo‘lgan VVER-1200 tipidagi bosimli suv reaktorlariga ega atom elektr stansiyasini qurishni nazarda tutadi. Uni qurishda Rossiyaning «Rosatom» davlat korporatsiyasi ishtirok etadi.

«O‘zatom» bosh direktori stansiyaning birinchi energiya blokini 2028 yil dekabrda, ikkinchi blokini esa 2030 yil iyun oyida ishga tushirish rejalashtirilganini ta’kidlagandi.

2019 yil oktabr oyida «Rosatom» bosh direktori Aleksey Lixachev korporatsiya O‘zbekistonda atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha asosiy shartnomani 2019 yil oxirigacha imzolashini va 2020 yil boshida stansiya qurilish maydonchasida qurilish ishlarini boshlashni rejalashtirayotganini ma’lum qilgandi. Biroq hozircha hujjat imzolangani haqida xabarlar kelib tushmagan.

Shu bilan birga, prezident Shavkat Mirziyoyevning 19 noyabr kuni Rossiyaga bir kunlik tashrifi chog‘ida mamlakatlar o‘rtasida 18 ta hujjat, jumladan, hukumatlar o‘rtasida yadroviy va biologik xavfsizlik sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar imzolandi.

Noyabr oyi boshida Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov hozirda O‘zbekistonda atom elektr stansiyasini qurish masalasi loyihaning iqtisodiy maqsadga muvofiqligi, yashil energetikaga sarmoya kiritish bo‘yicha ko‘plab takliflarni hisobga olgan holda ham, uning shaffofligi nuqtai nazaridan ham ko‘rib chiqilayotganini aytdi.

«Biz nafaqat O‘zbekiston, balki mamlakatimiz bilan chegaradosh qo‘shni davlatlar jamoatchiligining ham bu masalaga munosabatini o‘rganamiz», — dedi Tashqi ishlar vaziri.