JSST dastlab Janubiy Afrika va Botsvanada aniqlangan va kutilganidan ko‘ra tezroq tarqalayotgan koronavirusning yangi shtammini muhokama qilish uchun favqulodda yig‘ilish chaqirdi, deya xabar qilmoqda Financial Times.

26 noyabr — juma kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan yig‘ilishda koronavirusning B.1.1.529 Sars-Cov-2 deb nomlanuvchi yangi varianti muhokama qilinadi.

Nashrning xabar berishicha, hozirda yangi shtamm 82 kishida qayd etilgan:

  • 77 kishi — Janubiy Afrikada;
  • 4 kishi — Botsvanada;
  • 1 kishi — Gonkongda.

Ikki kun avval o‘nta shunday holat qayd etilgan edi.

Xabarda aytilishicha, Janubiy Afrika Epidemiyaga qarshi kurash va innovatsiyalar markazi direktori Tulio de Oliveyra nashrga yangi shtamm xususidagi xavotirlarini, masalani hafta boshida JSST rasmiylari bilan muhokama qilganini va ular favqulodda yig‘ilish chaqirishga qaror qilganliklarini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Janubiy Afrikaning Gauteng mintaqasida, jumladan, Yoxannesburgda qayd etilgan yangi holatlarning qariyb 90 foizi yangi shtamm tufayli yuzaga kelgan.

«Vaksinalarni chetlab o‘tish xususiyatiga ega bo‘lgan yoki deltadan tezroq tarqaladigan har qanday yangi variant dunyo pandemiyadan chiqib ketayotgan bir paytda jiddiy muammo tug‘dirishi mumkin», — deyiladi xabarda.

De Oliveyraning ta’kidlashicha, yangi variantda yuqori darajadagi yuqumlilik bilan bog‘liq xususiyatlar mavjud bo‘lib, ayni paytda eng dolzarb savol — bu uning «vaksinalarga aynan qanday ta’sir qilishi»ni aniqlash.

JSST o‘z yig‘ilishida yangi variant «tashvish» uyg‘otishi kerakmi yoki «qiziqish», degan masalani muhokama qiladi.

«Dastlabki tahlillar shuni ko‘rsatadiki, bu variantda ko‘plab mutatsiyalar mavjud bo‘lib, ular qo‘shimcha o‘rganishni talab qiladi», — deya ma’lum qilgan JSST.

The Guardian nashrining yozishicha, mutaxassislar koronavirusning «misli ko‘rilmagan darajada ko‘p sonli mutatsiyaga ega bo‘lgan yangi varianti organizm immunitetini chetlab o‘tib, kasallikning yangi to‘lqinlarini keltirib chiqarishi mumkin"ligidan ogohlantirmoqda. Tadqiqotchilar bu boradagi jiddiy xavotirlarini «bir qator mutatsiyalar virusga immunitetni chetlab o‘tishga yordam berishi mumkin"ligi bilan izohlashmoqda.

«COVID-19`ning B.1.1.529 varianti spayk-oqsilida 32 ta mutatsiyaga ega, bu virusning aksariyat vaksinalar immun tizimini virusga tayyorlash uchun ishlatadigan qismidir. Spayk-oqsilidagi mutatsiyalar virusning hujayralarni yuqtirish va tarqalish qobiliyatiga xalaqit berishi mumkin, ammo immunitet hujayralarining patogenga hujum qilishini qiyinlashtiradi. Ushbu variant dastlab Botsvanada qayd etildi, u yerda bugungi kunga qadar (24 noyabr holatiga) 3 ta ketma-ket shunday holat qayd etilgan. Yana 6 nafari Janubiy Afrikada va 1 nafari Gonkongda — Janubiy Afrikadan qaytgan sayyohda tasdiqlangan» — deyiladi The Guardian xabarida.

Xabarda qayd etilishicha, London Imperial kolleji virusologi, doktor Tom Pikok spayk-oqsilida mutatsiyalarning nihoyatda ko‘pligi bu variant jiddiy tashvish tug‘dirishi mumkinligidan dalolat berishini ta’kidladi.

Kembrij universitetining klinik mikrobiologiya professori Ravi Guptaning so‘zlariga ko‘ra, uning laboratoriyasida olib borilgan ishlar B.1.1.529 dagi ikkita mutatsiya infeksiyani kuchaytirib, antitanachalarni tanib olishni kamaytirishini ko‘rsatganligi aytilmoqda.

UCL Genetika Instituti direktori professor Fransua Ballouksning fikricha, yangi variant immuniteti zaif odamda surunkali infeksiya paytida, ehtimol, OIV/OITS bilan kasallangan va davolanmagan bemorda paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, olimlar yangi variantnini uning kuchayib borayotgani va kengroq tarqalayotganligining har qanday belgilari uchun kuzatib boradilar.