Avstriyadan O‘zbekistonga COVID-19ga qarshi kurashni qo‘llab-quvvatlash doirasida 150 ming doza «AstraZeneca» vaksinasi jo‘natildi, deya xabar berdi «Dunyo» axborot agentligi.

O‘zbekistonning Venadagi Evropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy missiyasiga ko‘ra, vaksinalar Avstriya hukumati tomonidan beg‘araz yordam va mustahkam do‘stlik ramzi sifatida taqdim etilgan.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonning Venadagi elchisi Abat Fayzullayev Avstriya tashqi ishlar vazirligi vakillari bilan birgalikda Toshkentga insonparvarlik yuklarini jo‘natish marosimida qatnashgan.

Tomonlar vaksinalarni manzilga bezarar yetkazib berish uchun tibbiy mahsulotlarni tashishning barcha jihatlarini ta’minlash masalalarini hisobga olgan. Xususan, vaksinalar maxsus sovutgichli konteynerga joylashtirilgan. Unda sovutish jarayoni va 2−7 darajali harorat ta’minlanadi. Yukni Toshkentga yetkazish «Vie Pharma Handling Center» maxsus transport xizmati tomonidan amalga oshirilmoqda.

Ushbu gumanitar yordam bo‘yicha kelishuv Avstriyaning Yevropa va tashqi ishlar bo‘yicha vaziri Mixael Linxartning 7−8 noyabr kunlari O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida erishilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, sentabr oyida O‘zbekistonga Polshadan AstraZeneca vaksinasining 252 ming dozasi olib kelingan edi. Shuningdek, ushbu oyning o‘zida COVAX dasturi doirasida Germaniya xuddi shu vaksinaning 356 ming dozasini O‘zbekistonga sovg‘a qilgandi.