Davlat boshqaruvi organlari va hokimliklar samaradorligini oshirish orqali aholi farovonligini ta’minlash va “mobil boshqaruv apparati"ni yaratish maqsadida “2022−2023 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari dasturini ishlab chiqish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi prezident farmoyishi qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram-kanali xabar berdi.

Farmoyishga ko‘ra, Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari dasturi loyihasiga takliflar ishlab chiqilishida quyidagilar ustuvor yo‘nalish hisoblanadi:

  • davlat boshqaruvi organlarining maqomini belgilash;
  • takrorlanuvchi vazifa va funksiyalarini qisqartirish;
  • rahbar o‘rinbosarlarining yo‘nalishlar kesimidagi javobgarlik chegaralarini aniq belgilash;
  • vazirlik va idoralar shtat birliklarini maqbullashtirish;
  • boshqaruv jarayonini avtomatlashtirish, ish yurituvini to‘liq raqamlashtirish;
  • “Ochiq idora” loyihasini amalga oshirish;
  • davlat xizmatlarini to‘liq raqamlashtirish va fuqarolarning sansalorligiga barham berish;
  • vazirlik va idoralarning ayrim funksiyalarini nodavlat sektoriga o‘tkazish;
  • tegishli vazirlik va idoralarning hududiy bo‘linmalarini bitta ma’muriy binoga joylashtirish orqali aholiga “Yagona darcha” tizimi asosida xizmat ko‘rsatish;
  • kadrlarni tanlov asosida va keng raqobat muhitida ishga qabul qilishni to‘liq joriy qilish;
  • o‘z ustida ishlamaydigan va mas’uliyati bo‘lmagan kadrlarga nisbatan “jamoaviy ta’sir"ni amalga oshirish;
  • vazirlik va idoralarda yagona kadrlar reytingini yuritish;
  • davlat xizmatchilari tomonidan olinadigan kafolatlangan bepul xizmatlar va vositalar paketini ishlab chiqish;
  • tender va tanlovlarni ochiq va shaffof holda o‘tkazish tizimini takomillashtirish;
  • xalq deputatlari Kengashlarining mahallalardagi mavjud muammolarni hal qilishdagi rolini oshirish;
  • mahalliy vakillik organlarida doimiy asosda faoliyat yurituvchi deputatlar korpusini shakllantirish;
  • hokimlar, ularning o‘rinbosarlari va maslahatchilarining vakolat chegarasini aniq belgilash.

Kecha prezident “2022−2023 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari dasturini ishlab chiqish” bo‘yicha topshiriq bergan edi. Unda davlat boshqaruvi tizimi va mahalliy davlat hokimiyati organlarini “aholining farovonligini ta’minlash samaradorligi"ga e’tibor qaratish hamda “mobil boshqaruv apparati"ni yaratish orqali ularning samaradorligini oshirish maqsad qilinganligi aytilgan.

2017 yil sentabr oyida prezident farmoni bilan O‘zbekistonda Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi tasdiqlangan edi. U “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” tamoyili va fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga, shuningdek, davlat boshqaruvining samarali va shaffof tizimini joriy etishga, mamlakatning xalqaro maydonda raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan.