Avvalroq, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shayxontohur tumani Sarhumdon va Gulobod mahallalaridagi sharoitlar bilan tanishgani haqida yozgan edik.

Davlat rahbari shu kuni tumanning chiroyini buzib turgan jarliklar va ulardan qutulish kerakligi haqida ham gapirdi, deb yozmoqda Kun.uz.

«Mening har soat yurishim 100 mlrd so‘mga tushadi. Bugun ham Toshkentda bir soat yurganim uchun Toshkent shahar hokimi meni 100 mlrd so‘mga tushirdi. Umumiy aytganda, u mendan kun bo‘yi yurganim uchun 450 mlrd so‘m so‘radi. Bu bir martadagisi, xolos», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

U so‘zi davomida uni eng ko‘p qiynayotgan masalalardan biri tumandagi jarliklar masalasi ekanligini aytgan. «Bir paytlar bosh vazir bo‘lib ishlaganimda buni oxiriga yetkazmagandim», — deya eslagan prezident.

«Bu jarlar bizga yarashmaydi. Jarlardan tezroq qutulmasak, ular bizga kasallik tarqataveradi. Shularning ustini to‘la yopib, atroflariga daraxt ekib, yonidan yo‘l olib chiqishimiz kerak», — dedi davlat rahbari.

Hokim buni amalga oshirish uchun 450 mlrd so‘m kerakligini aytgan. «Men esa bu pulni ertagayoq berishimni bildirdim. Biz shu ishni qilsak, ham manzillar yaqin bo‘ladi, ham kasalliklar chiqishi kamayadi», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Bu haqda bosh vazir va shahar hokimi qat’iy topshiriq olgan, prezident ishlarni tezlashtirish kerakligini aytgan.