Iqtisodchi, «Zametki ekonomista» Telegram-kanali muallifi va «Gazeta.uz» kolumnisti Botir Qobilov «Ular» loyihasiga bergan intervyusida yiliga 200 mln tup daraxt va buta ko‘chatlari ekilishi haqida fikr bildirdi.

Iqtisodchining ta’kidlashicha, «unda mazkur vazifaning bajarilishi, ijrosiga ozgina shubha bor».

«Qaysidir ma’noda daraxt ekish oson narsa. Lekin daraxtni chopmaslik biz uchun qiyin narsa ekan. Ikkinchidan, daraxtni ekishni, menimcha, biz hali o‘rganmadik, bilmadik. Sirdaryoning bir tumanida 800−900 ta daraxt ekishgan ekan, tezda qurib qolgan. Toshkentning ham qaysidir joylarida daraxt ekiladi, sug‘orilmaydi va so‘lib qoladi», — dedi Botir Qobilov.

Uning fikricha, daraxt ekish muammoni yechishning eng oson yo‘li, deb ko‘riladi.

«Lekin daraxt ekish juda ham mashaqqatli ish. Uni sug‘orish kerak, parvarish qilish va kesmaslik kerak. Eng muhimi, ekilgan daraxtning „mevasi“ 15−20 yil ichida kelmaydi… 10 mln tupning o‘zi yetarlidir», — dedi iqtisodchi.

Botir Qobilov ushbu masalaning ikkinchi tarafiga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Men asosan davlat ekish xarajatlarini qisqartirish tarafdoriman. Qanday xarajat bo‘lishidan qat’i nazar, o‘ylaymanki, biz hozir juda ko‘p pul tashlayapmiz keraksiz joylarga. Xususan, bu yangilik bo‘yicha bitta xavotirli narsa, 200 mln daraxt uchun pul kerak, albatta. Tushunishim bo‘yicha bu pul budjetdan ajratiladi», — dedi u.

Iqtisodchi avval so‘lib qolgan daraxtlarni eslab, bu pullar havoga sovurilishidan xavotirdaligini ma’lum qildi.

«Ya’ni pullarning samarali ishlatilmasligiga olib kelish mumkin. Masalan, ko‘chat va daraxt ekishga pul ajratiladi, ular keyin so‘lib qolishi mumkin va oxir-oqibatda budjet xarajati yo‘qoladi hisob. Chap qo‘l bilan daraxt ekayotgan vaqtda o‘ng qo‘l bilan daraxtni kesayotgan bo‘lsak, bu narsani tushunish qiyin. Albatta, daraxt ekish yaxshi narsa, lekin bizning sharoitdan kelib chiqqan holda, eng qiyin narsa — mavjud bo‘lgan daraxtni saqlab qolish ekan. Shuningdek, daraxtning qaysi turini ekish ham muhim. Archani sanchib qo‘yish bilan daraxt ekish bo‘lmaydi», — dedi Botir Qobilov.

Eslatib o‘tamiz, noyabr oyi avvalida Shavkat Mirziyoyev «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida yiliga 200 mln tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish, shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni amaldagi 8 foizdan 30 foizga oshirish rejasini ma’lum qilgan edi. 2 noyabrdan 10 dekabrgacha bo‘lgan muddat daraxt ekish bo‘yicha «dolzarb 40 kunlik» deb e’lon qilingandi.

Avgustda prezident topshirig‘iga ko‘ra, oktabr-noyabr oylarida 55 mln dona, kelgusi yil bahor mavsumida 70 mln dona tut, pavlovniya, mevali va manzarali daraxtlar, shuningdek tez o‘suvchi va boshqa ko‘chatlar ekilishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, yil yakuniga qadar shaharlar va tuman markazlarida 16 mln dona mevali va manzarali daraxt va buta ko‘chatlari ekish vazifasi qo‘yilgan edi.

Shuningdek, prezident har bir hududda «Yashil zamin» jamg‘armalari tashkil etish bo‘yicha topshiriq bergani xabar qilingandi. Viloyat hokimlariga oktabr-noyabr oylarida jamg‘arma mablag‘lari hisobidan kamida 5 mln tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini aholiga bepul tarqatish topshirig‘i berildi. Har bir shahar va tuman markazida kamida 2 tadan «yashil maydon» va jamoat parklari tashkil etilishi aytilgan.

Bundan tashqari, daraxtlarni kesishga moratoriy 2024 yilga qadar uzaytirilishi va javobgarlik keskin kuchaytirilishi belgilangan. Toshkent shahri va viloyat markazlarida ekologiya politsiyasi tashkil etilishi ma’lum qilindi.