22 noyabr kuni Toshkent shahrida «Orolbo‘yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantiramiz» mavzusidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Konferensiyani bosh vazir o‘rinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov ochib berdi.

«29 iyul kuni BMTning Maxsus rezolyutsiyasini amalga oshirish yuzasidan O‘zbekiston prezidentining qarori qabul qilindi. Mazkur hujjat asosida Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirishning yetti yo‘nalishi belgilandi», — deydi u.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha 2,4 trln so‘m ekvivalentda 71 ta tadbir, shuningdek 1,9 trln so‘mlik 65 ta ustuvor innovatsion loyiha amalga oshirilmoqda.

Shuningdek Aziz Abduhakimov Qoraqalpog‘iston Respulikasi va viloyatlarda «yashil qoplamalar» barpo etishga doir ishlar ketayotgani haqida ham aytib o‘tdi.

«2021 yilda ushbu tadbirlar natijasida 560 ming gektar maydonda „yashil qoplamalar“ tashkil etilib, shundan 375 ming gektarida o‘rmonzor barpo etiladi. Qoraqalpog‘istondagi o‘rmon fondi yerlari va Orol dengizining suvi qurigan hududlarida, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlaridagi Orolbo‘yi hududlarida 172 ming gektar hamda boshqa hududlardagi o‘rmon fondining tog‘, vodiy va to‘qay yerlarida 13 ming gektar maydonga daraxtlar ekish ishlari tashkil etilmoqda», — deydi turizm va sport vaziri.

U «O‘zbekistonda yashil iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha kompleks strategiya doirasida, jumladan, 2021 yilda 200 mln tup ko‘chat ekilishini» ta’kidlab o‘tdi.

Shavkat Mirziyoyev Orolbo‘yi mintaqasiga ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi maqomini berish tashabbusini birinchi marotaba 2018 yil avgust oyida Orolni qutqarish bo‘yicha Xalqaro jamg‘arma ta’sischi-davlatlari yig‘ilishida e’lon qilgan edi. Prezident ushbu qaror mintaqa davlatlarining umumiy harakatlari bilan ekologik toza, energiya va suvni tejovchi texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy qilishga investitsiyalarni jalb qilish, «yashil iqtisodiyot» tamoyillarini majmuaviy qo‘llash, cho‘llashuv va ekologik migratsiya jarayonlarining oldini olish, ekoturizmni rivojlantirish va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga yordam berishini ta’kidlagan edi.

2019 yil oktabr oyida Nukusda (Qoraqalpog‘iston) «Orolbo‘yi — ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi» mavzusidagi yuqori darajadagi xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. Ushbu anjumanda O‘zbekiston hukumati va BMT maxsus rezolyutsiya loyihasi bo‘yicha kelishuvga erishishdi.

May oyida BMT Bosh assambleyasi Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiyani qabul qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, noyabr oyi avvalida Shavkat Mirziyoyev «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida yiliga 200 mln tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish, shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni amaldagi 8 foizdan 30 foizga oshirish rejasini ma’lum qilgan edi. 2 noyabrdan 10 dekabrgacha bo‘lgan muddat daraxt ekish bo‘yicha «dolzarb 40 kunlik» deb e’lon qilingandi.

Iqtisodchi Botir Qobilov yiliga 200 mln tup daraxt ekilishi tashabbusi haqida fikr bildirib, mazkur vazifaning ijrosi bo‘yicha ozgina shubhasi borligini ta’kidlagan edi. «Eng muhimi, ekilgan daraxtning „mevasi“ 15−20 yil ichida kelmaydi. Balki 200 mln tup emas, 10 mln tupning o‘zi yetarlidir», — degan edi u.