Aprel oyi oxirida Qashqadaryo viloyati sobiq hokimi Zoyir Mirzayev viloyatda 1,350 mlrd so‘mlik bayroq o‘rnatilishini to‘xtatgandi.

Xalq deputatlari Qarshi shahar kengashining 15 noyabrdagi qaroriga asosan, 65 metrli bayroq o‘rnatish uchun 300 mln so‘m ajratilishi belgilandi.

Qarshi shahar hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari G‘ayrat Sultonov Daryo nashriga ma’lum qilishicha, bayroq o‘rnatilishi davom ettirilayotgani bois 300 mln so‘m ajratilganini bildirgan. Hokim o‘rinbosari bayroqning qurilishiga yana qo‘shimcha mablag‘ ajratilishini, lekin qiymati oldingisidan o‘zgarishi mumkinligini bildirgan. Ajratilgan 300 mln so‘m esa birinchi loyiha bo‘yicha ajratilgan bo‘lgan.

Qarshi shahar hokimligining keyinchalik bergan rasmiy munosabatiga ko‘ra, mazkur masalaga viloyat hokimi e’tibor qaratgan hamda shahar hokimi bilan kelishilgan holda ulkan bayroq ustuni qurilmaydigan bo‘ldi.

«Daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismidan qolgan mablag‘lar ichki yo‘llar ta’miri va kommunal sohalarni rivojlantirishga yo‘naltiriladi», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyi oxirida Qashqadaryo viloyatida balandligi 62,5 metrga teng davlat bayrog‘i o‘rnatish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgan edi. Qarshi shahridagi davlat bayrog‘ining birgina ustunini bunyod etishga 1 mlrd 350 mln so‘m mablag‘ sarflanishi aytilgandi.

Ushbu holatga deputat Doniyor G‘aniyev munosabat bildirib, 2 yil avval Farg‘onadagi shunga o‘xshash holatni yodga olgan edi. O‘shanda Farg‘onada o‘rnatilishi kerak bo‘lgan bayroqning sarf-xarajatlari 1 mlrd so‘m atrofida bo‘lishi aytilgandi. «Narxini eshitib, hokim haydavorgandi», — degan edi u.

Keyinroq Qashqadaryo viloyati sobiq hokimi Zoyir Mirzayev viloyatda o‘rnatilishi rejalashtirilgan bayroq va uning ustuniga davlat budjetidan mablag‘ sarflanmasligini aytgan edi. Ustunga ajratilgan 1,35 mlrd so‘m mablag‘ Qarshi shahridagi xaroba ahvoldagi 136-sonli oilaviy yotoqxonani ta’mirlash ishlariga yo‘naltirilishi aytilgandi. Sobiq hokim ustun faqat homiy topilsagina qurilishini ta’kidlagandi.