O‘zbekiston o‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Eron va Pokistondan olib kelingan kartoshka mahsulotlarida xavfli zararkunandalarni aniqladi. Bu haqda agentlik matbuot kotibi Sabina Sadinova 19 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekiston har yili Rossiya, Qozog‘iston, Pokiston, Eron va Qirg‘izistondan 400 ming tonnaga yaqin kartoshka import qiladi, vaholanki, 2016 yilda bu ko‘rsatkich 56 ming tonnani tashkil etgan. EastFruit ma’lumotlariga ko‘ra, Pokiston O‘zbekistonga asosiy kartoshka yetkazib beruvchilar davlatlar qatoriga kiradi. 2021 yilda Eron ham ushbu davlatlar qatoriga qo‘shildi. 2017 yildan 2020 yilgacha bo‘lgan davrda kartoshka mahsulotlarining Pokistondan umumiy hisobda 127 ming tonnasi yoki ushbu davrdagi umumiy kartoshka importining 11 foizi import qilingan . 2021 yilning 7 oyi davomida O‘zbekistonga import qilingan kartoshkaning umumiy hajmida Pokistonning ulushi 24,4 foizni, Eronning ulushi esa 38,5 foizni tashkil etdi.

25 sentabrdan boshlab Eron va Pokistondan olib kelingan kartoshka mahsulotlarida O‘zbekiston uchun o‘ta xavfli karantin zararkunandalari hisoblangan, kartoshka va poliz ekinlari hosiliga tahdid soluvchi rangpar va tillarang nematodalar (parazit chuvalchanglar) bilan yuqtirish holatlari tizimli ravishda qayd etilmoqda.

«Yana bir muhim faktni ta’kidlash joizki, nematodalarga qarshi kurashda samarali kimyoviy vositalar mavjud emas. Nematodlar tarqalgan joylarda 30 yil davomida kartoshka va poliz ekinlarini etishtirish mumkin emas. Bundan tashqari, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga pomidor, baqlajon, bulg‘or qalampiri, kartoshka eksporti bilan bog‘liq muammolar va cheklovlar qo‘yilishi xavfi yuqori bo‘ladi», — dedi Sabina Sadinova.

U xalqaro ekspertlarga tayanib, nematodlar tufayli global hosil yo‘qotishlari taxminan 100 milliard dollarni tashkil etishini aytdi.

Avgust oyidan buyon O‘zbekistonga 110 ming tonna kartoshka import qilingan bo‘lsa, shundan 104 ming tonnasi fitosanitariya talablariga muvofiqlik sertifikatiga ega. Karantin va o‘simliklarni himoya qilish agentligi tomonidan eksport qiluvchi davlatga nematodalar aniqlangan 3525 tonna (3,2 foiz) kartoshka qaytarildi, tadbirkorlar tomonidan qaytarilishining imkoni yo‘qligi sababli 775 tonnasi (0,7 foizi) maxsus obyektlarda yo‘q qilindi.

Agar bunday holatlar takrorlansa, Eron va Pokistondan kartoshka olib kirishga chek qo‘yilishi mumkin.

Xalqaro konvensiyaga ko‘ra, agentlik fitosanitariya talablarini buzganlik uchun Eron va Pokistonga da’vo yuborgan. Pokiston nematodlarning jo‘natilishini tekshirgandan so‘ng, fitosanitariya sertifikatlari soxtalashtirilgani haqida xabar berdi. Bundan tashqari, Afg‘onistonda Pokistondan olib kelingan kartoshka boshqa mamlakatlarda yetishtirilgan kartoshka bilan aralashtirib, ozuqa sifatida ishlatilgani ma’lum qilindi, dedi Sabina Sadinova.

Xalqaro konvensiya talablariga ko‘ra, Pokiston 1 noyabrdan O‘zbekistonga kartoshka eksportiga ruxsat berilgan korxonalar ro‘yxatini taqdim qila boshladi. Agentlik saytida e’lon qilingan ro‘yxatga 146 ta pokistonlik eksportyorlar kiritilgan.

Natijada 3−10 noyabr kunlari Pokistondan kartoshka olib kirishda nematodalar bilan zararlanish holatlari aniqlanmadi.

Eronga kelsak, agentlik delegatsiyasi mamlakatga tashrif buyurib, Eron karantin xizmati bilan muzokaralar olib bordi va ular kartoshkani fitosanitariya talablariga muvofiq eksport qiluvchi korxonalar ro‘yxatini taqdim etishga va’da berdi.

O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi O‘zbekistonda nematodalarning tarqalishi bilan kartoshka, pomidor, baqlajon, bulg‘or qalampiri va boshqa poliz ekinlari hosildorligining kamayishi, natijasida genetik modifikatsiyalangan sabzavotlarga o‘tishiga va sabzavotlarning mahalliy navlarining yo‘qolishi olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 86,5 ming gektarda — kartoshka, 24,6 — ming gektarda pomidor, 12,7 — ming gektarda bulg‘or qalampiri, 137 ming gektarda — poliz ekinlari yetishtirilmoqda.