20 noyabr kuni Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida quvvat 38,2 MVt bo‘lgan «Zarchob-2» kichik gidro elektr stansiyasini ishga tushirishga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.


Mazkur stansiya to‘liq quvvatda ishlashi ortidan 40 ming aholi xonadonini elektr energiya bilan ta’minlash imkoniyati yaratiladi. «Zarchob-1» GESi ham huddi shunday salohiyatga ega.

Ochilish marosimi oldidan so‘zga chiqqan viloyat hokimi To‘ra Bobolov loyihaning ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi.

To‘ra Bobolov.

«To‘palangdan kelayotgan suvdan 3 marotaba foydalanib, tok ishlab chiqarayapmiz… Surxondaryoga sovuq kelganiga 3−4 kun bo‘ldi. Ertalablari fuqarolarni qabul qilayapmiz, [ular] birinchi masala elektr energiya deb kelayapti… O‘zbekiston mustaqil elektr energiya ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymasa, baribir (muammolar bo‘laveradi — tahr.). Bu [loyihalar] kelajagimiz», — dedi hokim.

O‘z navbatida «O‘zbekgidroenergo» AJ boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov «Zarchob» birinchi va ikkinchi GESlari jami 80 mln dollarlik loyixa ekanligini ma’lum qildi.

Shundan 29 mln dollar Xitoyning, qolgan 51 mln dollar esa «O‘zbekgidroenergo»ning mablag‘i hisoblanadi.

Abdug‘ani Sanginov.

«To‘palang daryosida 2006 yilda bor-yo‘g‘i 30 MVt energiyasi bor edi. Bugungi kunga kelib, 350 MVtga yetadigan loyihalarimiz bor. 2ta Zarchobning o‘zi jami 75 MVt energiya ishlab chiqaradi. 2022 yilga kelib, 175 MVtlik To‘palang GES ishga tushiriladi. Undan keyingi loyihamiz, Mizop-Kishtut stansiyasi. Uning bittasi 50 MVtlik, ikkinchisi 25 MVtlik, jami 75 MVt elektr energiya chiqadi. Shuning uchun, To‘ra Abdiyevich aytganidek, 3 marotaba emas, 5 marotaba suvni aylantirib, elektr energiya olishga erishamiz», — dedi Abdug‘ani Sanginov.

Ta’kidlanishicha, mazkur stansiya uchun zaruriy texnologik qurilmalar Xitoyning yetakchi kompaniyasi «Dongfang Elektric International Corporation» tomonidan yetkazib berildi.

Bunyod etish jarayonida gidroturbinaning spiralsimon kamera qismini yig‘ish, bosimli hovuz, bosimli suv quvurini qurish va boshqa bir qator ishlar amalga oshirildi.


Stansiya gidroagregatlari.

Ushbu investitsiyaviy loyiha «To‘palang GES», «Zarchob-1» GESlarining davomi hisoblanib, To‘palang suv omboridan chiquvchi suv o‘zanida qurilgan. Kelgusida Surxondaryo viloyati aholisining elektr energiyaga bo‘lgan 80 foiz ehtiyojini qoplash reja qilingan.

Shu yilning aprel oyida umumiy quvvati 37,4 MVtga teng bo‘lgan «Zarchob-1» kichik GESi qurib, foydalanishga topshirilgan edi.

Tadbirdan so‘ng, ramziy tugmani bosish marosimi bo‘lib o‘tdi.


Abdug‘ani Sanginov viloyat hokimi To‘ra Bobolov va viloyat prokurori Sadriddin Turdiyevni GES faoliyati bilan tanishtirar ekan, stansiya ishini «ekologik toza» deya atadi.

Avariyaviy holatda boshqaruv tizimi.

Mutaxassis tashrif buyuruvchilarga GES ishlash tizimini tushuntirib, avtomatik boshqaruv tizimi yo‘lga qo‘yilganini qayd etdi.