Prezident Shavkat Mirziyoyev ikkinchi muddatga saylanganidan keyin hukumat va mahalliy hokimiyat organlarida kadrlar almashinuvi boshlandi. Noyabr oyi boshidan buyon Navoiy, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida hokimlar almashtirildi.

8 noyabr kuni Toshkent shahar Davlat soliq boshqarmasining sobiq boshlig‘i Normat Tursunov O. Qobul Tursunov o‘rniga Navoiy viloyati hokimi v. b. etib tayinlandi. 18 noyabr kuni O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi raisi Murotjon Azimov Qashqadaryo viloyati hokimi v. b. bo‘ldi. Ushbu viloyatning sobiq rahbari Zoyir Mirzayev esa Chirchiq ma’muriyatiga rahbar bo‘lgan Davron Hidoyatov o‘rniga Toshkent viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi.

Hokimlar so‘nggi ish kunlarida turli qarorlarni qabul qilishdi — mablag‘ ajratishdan tortib, avtomobilni boshqa tashkilot balansiga o‘tkazishgacha. Hokimlar avvalgi lavozimlarini tark etishdan oldin qanday qarorlarni imzolagani haqida «Gazeta.uz» izlanish olib bordi.

Navoiy viloyatining sobiq hokimi Qobul Tursunov (chapda) Toshkent Hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bilan. Foto: Shuhrat Latipov / «Gazeta.uz».

Navoiy viloyatining sobiq hokimi Qobul Tursunov 7 va 8 noyabr kunlari E-qaror portali ma’lumotlariga ko‘ra, beshta qaror va farmoyishni imzolagan. Ulardan biri bilan Navoiy shahar hokimligi huzuridagi Obodonlashtirish boshqarmasiga 2019 yil avgustida shahardagi «Dam olish ko‘li» hududidan ajratilgan 26,03 gektar yer maydonining bir qismiga, ya’ni 0,27 gektar yer maydoniga bo‘lgan doimiy foydalanish huquqi bekor qilinib, yer maydoni shahar zaxira yerlari hisobiga qaytarish ko‘rsatilgan.

Boshqa bir qaror bilan Navoiy viloyati hokimligi huzurida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining ipoteka kreditlari bo‘yicha qarzdorliklarini so‘ndirish jamg‘armasi tashkil etilgan.

Qobul Tursunov ichki ishlar organlari xodimlarining kasb bayrami munosabati bilan Navoiy viloyati IIB boshlig‘i o‘rinbosarlari IIB boshqarmalari boshliqlari va boshqalardan iborat 56 nafar mutasaddi xodimlarni faxriy yorliqlar bilan taqdirladi.

7 noyabr kuni sobiq hokim Navoiy viloyati hokimligi yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha kotibiyati bosh mutaxassisi BotirRuzmatovga nisbatan «hayfsan» intizomiy jazo chorasini qo‘lladi.

Oxirgi ish kuni, 8 noyabrda Qobul Tursunov 30 dan ziyod tashkilotlarga 22,49 mlrd so‘m ajratish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Ushbu mablag‘larning katta qismi — 3 mlrd so‘mi koronavirusga qarshi kurashishda qo‘llanilayotgan dori vositalarini sotib olishga yo‘naltirilgan. Shu bilan birga, Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Z. Rasulovning 20 oktabrdagi buyrug‘ida COVID-19ga qarshi kurashish uchun dori zaxiralari mavjudligi haqida so‘z boradi.

Davron Xidoyatov. Foto: Shuhrat Latipov / «Gazeta.uz».

Davron Xidoyatov 17 va 18 noyabr kunlari 11 ta qaror va farmoyishni imzolagan. Xususan, Toshkent viloyatining hozirgi sobiq hokimi o‘z qarori bilan kontrakt asosida tahsil olayotgan klinik ordinator va magistrlarning shartnomalarini to‘lash uchun 80,7 million so‘m ajratdi.

Boshqa qarorlar esa «Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash xarajatlarini moliyalashtirish uzluksizligini ta’minlash», viloyatdagi vazirlik va idoralar, hokimliklar va davlat organlari tizimidagi ma’muriy binolardan samarali foydalanish holatini o‘rganish bo‘yicha ishchi guruh tuzish, 15 noyabrdan 15 dekabrgacha yong‘in xavfsizligi oyligini o‘tkazish, viloyat hokimligi huzuridagi «Mehr-muruvvat kitobi»ga kiritilgan yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini tashkil etishga taalluqli.

18 noyabr kuni Davron Xidoyatov tomonidan 2015 yilda ishlab chiqarilgan Chevrolet Captiva avtomobilini Toshkent viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi balansiga o‘tkazish, shuningdek, 2021 yilgi paxta hosilini moliyalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida hamda 25−26 noyabr kunlari Chirchiqda hududiy sanoat yarmarkasini o‘tkazish to‘g‘risida qarorlarni imzoladi.

Shuningdek, uning qarori bilan hokimlik binosini joriy ta’mirlash (kichik majlislar zalini kengaytirish, ayollar va erkaklar hojatxonalarini qurish) uchun 798,2 million so‘m mablag‘ ajratildi.

Zoyir Mirzayev. Foto: Shuhrat Latipov / «Gazeta.uz».

Qashqadaryo viloyatining sobiq hokimi Zoyir Mirzayev 15 noyabr kuni viloyatda «Yashil makon» milliy loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Ushbu dastur doirasida mamlakat bo‘ylab har yili 200 million tup daraxt va buta ekish rejalashtirilgan. Qashqadaryoda esa qariyb 16 million, jumladan, 10 million mevali va 6 million manzarali daraxt ekish rejalashtirilgan, — deya aniqlik kiritdi hokimlik matbuot kotibi Ahror Sodiqov.