Bayden vaqtincha vakolatlarini vitse-prezident Kamala Xarrisga topshiradi

AQSh prezidenti Jo Bayden kasalxonada davolanadigan paytda uning vakolatlarini vaqtincha vitse-prezident Kamala Xarrisga o‘tkazadi, deya xabar berdi Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki.

Bu Bayden ma’muriyati hokimiyatga kelganidan beri amerikalik lider o‘z vakolatlarini birinchi marta vitse-prezidentga o‘tkazishi bo‘ladi. Shuningdek, AQShda ilk marta ayol kishi qisqa muddatga bo‘lsada, davlat rahbari vazifasini bajaradi. Matbuot kotibining aytishicha, Bayden tekshiruvdan o‘tish uchun Uolter Rid tibbiyot markaziga boradi va u yerda muntazam kolonoskopiyadan o‘tadi — RIA Novosti.


Gretsiyada COVID-19ga qarshi vaksina olmaganlarning kinoteatr, muzey va sport zallariga borishi taqiqlanmoqda

Gretsiyada 22 noyabrdan boshlab koronavirusga qarshi emlanmagan fuqarolarga nisbatan cheklovlar kuchaytiriladi. Ularga kinoteatrlar, muzeylar, teatrlar, sport zallari va boshqa yopiq joylarga borish taqiqlanadi, dedi Gretsiya bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis. Hozirda vaksina olmagan greklarga faqat ovqatlanish joylariga borish taqiqlangan.

Bosh vazirning fikricha, yangi choralar «emlash uchun bilvosita rag‘bat» bo‘ladi. Bundan tashqari, 60 yoshdan oshgan vaksina olgan fuqarolar uchun sertifikatning amal qilish muddati yetti oygacha qisqartiriladi. Ushbu davr oxirida ularga COVID-19 vaksinasining yangi dozasini olish uchun bir oy vaqt beriladi. Mamlakatda epidemiologik choralarga rioya etilishi ustidan nazorat ham kuchaytiriladi — Kommersant’.

Shuningdek:

  • Afinada ish tashlash tufayli jamoat transporti yopildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, metro va tramvay xodimlari 41 yoshli xodimning ish joyidagi fojiali o‘limiga norozilik bildirib, mehnatni muhofaza qilish choralarini kuchaytirishni talab qilib, 24 soatlik ish tashlash uyushtirmoqda. Ish tashlash tufayli shaharning ko‘plab yo‘llarida transport harakati qiyinlashgan — Izvestiya.

Turkiyada davlat to‘ntarishi uyushtirmoqchi bo‘lgan Fatxullah Gyulenning o‘limi to‘g‘risida xabarlar tarqaldi

Turkiyaning «Anadolu» axborot agentligi jurnalistlari Turkiyaning amaldagi hukumatiga muxolifatda bo‘lgan islom da’vatchisi Fethullah Gyulenning AQShda vafot etgani haqidagi ma’lumotlarni tekshirmoqda. Bu haqda agentlikning Vashingtondagi vakolatxonasi rahbari Xoqon Jopur Twitter’da ma’lum qildi.

«Biz nima bo‘layotganini diqqat bilan kuzatib boryapmiz. AQSh politsiyasi va mahalliy ommaviy axborot vositalaridagi manbalar bu borada ma’lumot bermayapti. Ehtimol, nimadir bo‘lgan va bu haqda politsiyaga xabar berilmagan. Biroq tashkilot buni uzoq vaqt yashira olmaydi», — deyiladi xabarda. Gyulenning Pensilvaniyada zaharlangani haqida turk OAVlarida xabar tarqaldi. Xabarlarga ko‘ra, u yashaydigan dam olish maskaniga kirish va chiqish yopib qo‘yilgan.


Braziliyadada o‘rmonlar kesilishi oxirgi 15 yildagi rekord darajaga yetdi

Braziliyaning Amazon tropik o‘rmonlarida o‘rmonlarning kesilishi so‘nggi 15 yildagi eng yuqori darajaga yetdi. Bu haqda BBC xabar berdi. Braziliyaning kosmik tadqiqotlar agentligi (Inpe) hisobotida aytilishicha, o‘rmonlarning kesilishi bir yilda 22 foizga oshgan.

Braziliya COP26 iqlim sammitida 2030 yilgacha o‘rmonlarni kesishni to‘xtatish va bekor qilishga va’da qilgan davlatlar qatorida edi. Amazonkada uch millionga yaqin o‘simlik va hayvonlar turlari va bir million mahalliy aholi yashaydi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 2020−21 yillarda taxminan 13,235 ming kvadrat kilometr maydondagi o‘rmonlar yo‘qolgan. Bu 2006 yildan beri eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.