«Andijon neft bazasi» va «Jizzax neft bazasi» sobiq rahbar va mas’ul xodimlari faoliyati davomida kamomad, xodimlarga asossiz to‘lovlar va debitorlik qarzlarini vujudga keltirgani uchun qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi sudga oshirildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov xabar berdi.

«Gazeta.uz» 25 may kuni «Andijon neft bazasi»dagi talon-taroj va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ortidan 10 nafar mas’ul mansabdor lavozimidan ozod etilgani haqida yozgan edi.

Unda «Andijon neft bazasi»da 24,3 mlrd so‘m debitor qarzdorlik yuzaga kelgani va 2021 yil 1 aprel holatiga qarzdorliklar muddati o‘tgan hisoblanishi aytilgandi.

Bundan tashqari, o‘z vaqtida undirmagani uchun «Andijon neft bazasi» bo‘yicha 2006−2017 yillarga oid 8,6 mlrd so‘m debitorlik qarzdorligi «umidsiz qarz»ga aylanib ulgurgan.

Qolaversa, 2019−2021 yillarda birja savdolari orqali sotib olmasdan, noqonuniy tarzda iste’molchilarga yuklab jo‘natgan neft mahsulotlari xozirgi kundagi xarid narxlari bilan solishtirib hisoblanganda jami zarar miqdori 6 mlrd 240 mln 470,1 ming so‘mni tashkil etishi aytilgandi.

Jamiyat va uning filiallari tomonidan 408 ta xolatda 129,7 mln so‘mlik ish xaqi, moddiy yordam va mukofot pullari ortiqcha hisoblanib to‘langan, kompensatsiya to‘lovlari noo‘rin hisoblangan. Mehnat shartnomasi bekor qilingan 6 nafar sobiq xodim nomiga 29 mln 997 ming so‘m ish haqi yozilgan.

Shulardan kelib chiqib, «Andijon neft bazasi» MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi 3 noyabr kuni ayblov xulosasi bilan mazmunan ko‘rib chiqishlik uchun Andijon viloyati sudiga yuborilgan.

«Gazeta.uz» 24 mart kuni amalda belgilangan me’yoriy hujjatlarga muntazam amal qilmaslik oqibatida «Jizzax neft bazasi» MCHJda 35,4 mlrd so‘m debitor qarzdorlik yuzaga kelgani haqida yozgandi.

Shu bilan birga, jamiyat tomonidan 788 nafar xodimga 806,9 mln so‘mlik kompensatsiya to‘lovlari noo‘rin hisoblangani ma’lum bo‘lgandi.

Bundan tashqari, jamoa shartnomasiga zid tarzda intizomiy jazo qo‘llangan 23 nafar xodimga 7,9 mln so‘m mukofot puli to‘lab berilgan. Mehnat shartnomasi bekor qilingan 26 nafar sobiq xodimlar nomiga 33,8 mln so‘m ish haqi yozilgan.

Shu munosabat bilan «Jizzax neft bazasi» mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi 27 sentabr kuni ayblov xulosasi bilan mazmunan ko‘rib chiqishlik uchun sudga yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligida 2021 yilning 11 may kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ish faoliyatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun «Jizzax neft bazasi» direktori M. Akbo‘tayev va «Andijon neft bazasi» direktori I. Boltaboyev egallab turgan lavozimidan ozod etilgan edi.