2021 yilda Afg‘onistonda afyun yetishtirish hajmi 8 foizga o‘sib, 6,8 ming tonnaga yetdi. BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining (UNODC) ogohlantirishicha, mazkur o‘sish ko‘rsatkichlari 320 tonna sof geroin dunyo bo‘ylab bozorlarga kirishini anglatadi. Bu haqda tashkilotning Afg‘onistondagi narkotik moddalar ishlab chiqarish bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha yangi hisobotida aytilmoqda.

Unda qayd etilishicha, mamlakat dunyodagi barcha iste’molchilarning 80 foizini opiat bilan ta’minlaydi. O‘tgan yili afyunning 85 foizi Afg‘onistonda ishlab chiqarilgan.

BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining yangi tadqiqoti iyul oyida yakunlandi.

«Afg‘onistondagi hozirgi vaziyat xalqaro hamjamiyatning shoshilinch aralashuvini talab qilmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotining afg‘on xalqini qo‘llab-quvvatlashi doirasida giyohvand moddalarni noqonuniy yetishtirish va ishlab chiqarishni, shuningdek, dunyoda ushbu mahsulotlarga bo‘lgan talabni barqaror kamaytirishga erishish zarur», — deydi boshqarma rahbari Gada Vali.

Tadqiqot natijalari 58 davlat va 23 tashkilot tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Afg‘onistondan opiatlarning noqonuniy savdosiga qarshi kurash bo‘yicha Parij tashabbusi ishtirokchilari yig‘ilishida hujjat sifatida e’lon qilindi. Muhokamalar yakunida to‘rt yo‘nalish bo‘yicha tavsiyalar e’lon qilinishi kutilmoqda, jumladan, transchegaraviy hamkorlik, noqonuniy moliyaviy oqimlarni aniqlash va bloklash, prekursorli kimyoviy moddalarning tarqalishining oldini olish, giyohvandlik profilaktikasi va uni davolash.

Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda opiat ishlab chiqarishdan olingan foyda 1,8 dan 2,7 mlrd dollargacha bo‘lgan va ularni mamlakat tashqarisida sotish ancha ko‘p daromad keltirgan. Afg‘onistondagi siyosiy beqarorlik afyun narxining oshishiga olib keldi, bu esa may oyidagi ko‘rsatkichdan deyarli ikki baravar oshdi. Narxlarning oshishi fermerlarni ishlab chiqarishni yanada ko‘paytirishga undashi mumkin, deyiladi boshqarma hisobotida.

Avvalroq, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov «Tolibon»ning xalqaro hamjamiyat oldidagi majburiyatlarini eslatgan edi. Ular qatorida xalqaro terrorizm va narkotrafikga qarshi kurash ham ko‘rsatilgan.