17 noyabrdan boshlab O‘zbekistonda avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalarida xizmat ko‘rsatish grafigiga vaqtinchalik cheklov o‘rnatildi. Bu haqda Energetika vazirligi va “O‘ztransgaz” AJ matbuot xizmatlari “Gazeta.uz"ga xabar berdi.

Energetika vazirligi magistral va taqsimlovchi gaz quvurlari ishida texnologik rejim buzilishlarning oldini olish maqsadida avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarida kechki va tunggi vaqtlari oralig‘ida cheklovlar joriy qilinishini aytib o‘tdi.

Bunday chora Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Shu munosabat bilan bugungi kunda gaz quyish shoxobchalari faoliyatiga bunday cheklovlar viloyat hokimliklari tomonidan tasdiqlangan jadvalga asosan joriy qilinmoqda. “O‘ztransgaz” AJning “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, Jizzax viloyatidagi 68 ta gaz quyish shoxobchasida soat 17:00 dan 23:00 gacha gaz ta’minoti to‘xtatiladi. Ushbu jadval havo harorati keskin pasayganda kuchga kiradi.

“Bundan maqsad birinchi navbatda tabiiy gaz yetkazib berilishi muhim hisoblangan aholi, shifoxona, maktab hamda maktabgacha ta’lim tashkiloti kabi ahamiyatga ega muassasalar, shuningdek, elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi yirik stansiyalarning tabiiy gaz ta’minotida barqarorligini ta’minlashdan iborat”, — deyiladi Energetika vazirligi xabarda.

Vazirlik vaktinchalik cheklov choralari havo harorati biroz ko‘tarilgunga qadar davom etishini xamda AGTKSH tez orada avvalgi tartibda ishlash rejimiga o‘tishini qo‘shimcha qildi.

Avvalroq O‘zgidromet seshanba kuni mamlakatga Volga bo‘yi orqali nam va sovuq havo massasi kirib kelishi haqida xabar bergan edi.