Joriy yilning 16 noyabr kuni O‘zbekistonning shimoliy hududlariga, 17−18 noyabr kunlari respublikaning barcha hududiga Volga bo‘yi orqali Rossiyaning Yevropa hududi (Moskva viloyati) ustida shakllangan nam va sovuq havo massasi kirib keladi, deya xabar berdi O‘zgidromet.

Xabarga ko‘ra, 16−17 noyabrda respublika bo‘yicha shamol tezligi 17−22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, ba’zida 25−28 m/s gacha ko‘tarilishi mumkin, ba’zi joylarda changli bo‘ron bo‘ladi.

Shuningdek, 16 noyabrda Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatida, 17 noyabrda O‘zbekistonning qolgan hududlarida yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qorga aylanadi) bo‘ladi. 17−18 noyabrda tog‘ oldi va tog‘li hududlarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi.

Respublika bo‘yicha harorat keskin pasayishi kutilmoqda. 16−17 noyabrda shimoliy hududlarda, 17−18 noyabrda O‘zbekistonning qolgan hududlarida harorat kechalari 5−8° sovuqgacha, kunduz kunlari 0−3° iliqgacha, shimolda kechalari 12−15° sovuqgacha, kunduz kunlari 0−3° sovuqgacha pasayishi kutilmoqda.