Shavkat Mirziyoyev 12 noyabr kuni Istanbul shahrida o‘tayotgan Turkiy kengash sammiti doirasida o‘ziga ajratilgan qarorgohda Qirg‘iz prezidenti Sadir Japarov bilan uchrashuv o‘tkazdi.

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berishicha, ikkitomonlama hamkorlik masalalari qatorida davlatlar yetakchilari «Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston» temir yo‘lini qurish loyihasini jadal ilgari surishga alohida e’tibor qaratishgan.

Shuningdek, mintaqaviy hamkorlik, shu jumladan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi doirasidagi sheriklikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashilgan.

Qirg‘iz prezidenti matbuot xizmati ma’lum qilishicha, Sadir Japarov Qirg‘iziston qardosh O‘zbekiston bilan har tomonlama hamkorlikni har ikki xalq manfaatlari yo‘lida yanada mustahkamlash va kengaytirishga qat’iy qaror qilganini ta’kidlagan.

Qo‘shni davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevni mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikning yuksak salohiyatini saqlab qolish va ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida davlat tashrifi bilan Qirg‘izistonga taklif qildi.

Shavkat Mirziyoyev, o‘z navbatida, Qirg‘iziston va O‘zbekiston ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishda, jumladan, savdo-iqtisodiy yo‘nalishda katta salohiyatga ega, deya ta’kidladi. Uning fikricha, ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar aylanmasini 1 mlrd AQSh dollariga oshirish uchun real imkoniyat mavjud.

O‘zbekiston yetakchisi shuningdek, oliy darajadagi qo‘shma kelishuvlarning bajarilishini shaxsan nazorat qilishini aytib o‘tgan.

Sadir Japarov Shavkat Mirziyoyevni shu yilning mart oyida ham Qirg‘izistonga taklif qilgan edi. 13 iyunga kelib, O‘zbekiston yetakchisi SHHT Davlat rahbarlari kengashi majlisida qatnashish uchun Bishkekka borgan edi.