Prezident 11 noyabr kuni «Aholiga tibbiy xizmatlar ko‘rsatish sifatini yaxshilash va sog‘liqni saqlash sohasida kadrlar salohiyatini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zAda e’lon qilindi.

Davlat tuman (shahar) va viloyat tibbiyot muassasalari uchun zamonaviy tibbiy uskunalar xarid qilish hamda ulardagi mutaxassislarning yetakchi xorijiy tibbiy muassasalarda malakasini oshirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan 2021−2022 yillarda 100 million AQSh dollari ajratiladi.

Mablag‘lar Moliya vazirligining talabnomalari taqdim etilgan sanadan boshlab 3 yil muddatgacha milliy valyutada yillik 2 foiz stavkada taqdim etiladi.

Moliya vazirligi esa Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining asoslangan talabnomalariga hamda belgilangan stavkaga ko‘ra qaytarish sharti bilan 3 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga budjet ssudasi sifatida ajratadi.

Bunda, Moliya vazirligi kredit mablag‘larini respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarini zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlashga va yetakchi xorijiy tibbiy muassasalarda ularning mutaxassislari malakasini oshirishga ham yo‘naltirishi mumkin.

Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tegishli hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmalari bilan birgalikda xatlov o‘tkazish asosida har bir hudud va muassasa kesimida tibbiy uskunalarga bo‘lgan ehtiyojni aniqlaydi. Shunga ko‘ra, ssuda mablag‘lari hisobidan xarid qilinadigan uskunalar ro‘yxatini SSVga kelishish uchun kiritadi.

Hokimliklar kelishilgan ro‘yxatga asosan tibbiy uskunalarni xarid qiladi. Bunda, ushbu jarayonga «O‘zmedimpeks» mas’uliyati cheklangan jamiyati agent sifatida jalb qilinishi mumkin.

Tibbiy uskunalarni xarid qilish bo‘yicha texnik topshiriqlar va tender hujjatlari «Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi» davlat unitar korxonasida kompleks ekspertizadan o‘tkaziladi.

Xorijda malaka oshiradigan tibbiyot xodimlari ro‘yxati esa hududlar ma’muriyati tomonidan tanlov (konkurs) asosida shakllantiriladi hamda Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish bo‘yicha ishchi guruhi tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlanadi.

Hisob palatasi ushbu qaror doirasidagi tibbiy uskunalarni xarid qilish jarayoni va ulardan samarali foydalanish ustidan doimiy nazorat o‘rnatadi.