Prezident Shavkat Mirziyoyev shanba kuni inauguratsiya marosimida so‘zlagan nutqida O‘zbekiston iqtisodiyotining rivojlanishi, Germaniya tajribasidan barcha sohalarda foydalanish rejalari haqida gapirdi, deb xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

Davlat rahbari milliy iqtisodiyotni zamon talablari asosida rivojlantirish — ustuvor vazifalardan biri ekanini ta’kidladi. 2030 yilgacha O‘zbekiston aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YAIM hajmini yanada oshirish maqsad qilingani, bekorga raqamlarni keltirmayotganini ta’kidlab, «balandparvoz raqamni juda ko‘p ko‘rdik», — dedi. Avvalroq prezident aholi jon boshiga YAIM hajmini 4000 dollarga yetkazish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan edi. «Bizning kelgusi 5 yildagi harakatlarimiz 2030 yilga katta zamin yaratadi», — dedi u.

Shavkat Mirziyoyev ko‘zlangan maqsadlarga erishish uchun xususiy sektorni rag‘batlantirish, uning iqtisodiyotdagi ulushini oshirish hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish rejalashtirilayotganini ta’kidladi.

«Boshqa davlatlardan bizga investitsiya olib kirayotgan ishbilarmonlarga muhit yaratish. Mana, besh yilda tahlil qilinglar, qaysi tuman, qaysi viloyat muhit yaratdi, natija bo‘ldi. Qaysi tuman, qaysi viloyatda korrupsiya yo‘q, prezident vakillari halol-pok ishlayapti, natija bo‘ldi», — dedi u.

O‘zbekistondagi barcha statistik ma’lumotlarni Jahon banki o‘rganmoqda, deya ta’kidladi prezident.

«Biz oldingidek uni o‘zimiz hisoblab, Jahon bankiga ko‘rsatmasdan harakat qilolmaymiz. Hamma narsamiz oshkora, ochiq, dunyoga hammasini ko‘rsatib boryapmiz».

U «drayver-sohalarda» klaster tizimini rivojlantirish muhimligini ta’kidladi. «Yaxshimi, yomonmi, mana shu 5 yilda klaster tizimimiz sanoatimizda ham o‘zining natijasini berib boshlayapti. Nima uchun paxtachilikda klaster? U ham sanoat. Faqat paxtani ishlab chiqarish bilan emas, uni qayta ishlab, sanoat usulida qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratib, ish joy yaratish kerak. Bozor topish kerak, raqobatbardosh mahsulot tayyorlash kerak», — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev bular besh yilda bo‘ladigan ishlar emasligini qayd etdi.

«Kimdir tanqid qilishi mumkin: nimaga bu klaster unday. Endi-endi klasterlar to‘g‘risidagi qonunlar [ni ishlab chiqarish boshlandi]», — deya deputatlarni mazkur masalani sinchkovlik bilan o‘rganishga chaqirdi.

«Nima uchun men Karl Марксni ko‘p o‘rganaman? — davom ettirdi prezident. — Mana, buyuk Germaniya. Qanday inqirozlarga duch kelishidan qat’i nazar, ta’lim bor, bilim bor, ilm bor. Ilm natijasida, mana, Germaniyaning iqtisodiyoti inqirozda qanchalar tik turibdi. Biz ham shunday o‘rganishimiz kerak», — deya ta’kidladi prezident.

U yaqinda bosh vazirni butun komissiyalar bilan Germaniyaga jo‘natish, har bir sohaga ushbu davlat tajribalarini olib kirish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

«Ko‘p sohalarga pul beryapmiz. Natijadorlik nuqtai nazaridan o‘sish bor, sifat yo‘q. Bu albatta bizni qiynashi kerak… Shuning uchun agar biz sifatli tizim, desak, ta’lim, ta’lim, mana shu ta’lim [muhim]», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.