3 noyabr kuni «O‘zkomnazorat» YouTube, Facebook, Linkedin, Instagram, OK, Telegram, «Moy mir» kabi tarmoqlar faoliyatiga cheklov o‘rnatdi.

Bunga esa ularning egalari o‘z serverlarini mahalliylashtirmagani va o‘zbekistonliklar ma’lumotlarining O‘zbekistondan tashqarida saqlagani sabab bo‘ldi.

Biroq sanksiya uzoq cho‘zilmadi — 1 soatga bormay prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov regulyatorning «bir yoqlama, uzoqni o‘ylamay» qilgan harakati haqida prezident xabar topganini" ma’lum qildi.

Ko‘p vaqt o‘tmasdan, prezident topshirig‘iga binoan «O‘zkomnazorat» boshlig‘i G‘olibsher Ziyayev «noto‘g‘ri va kelishilmagan hatti-harakatlari uchun» egallab turgan vazifasidan chetlatildi. Uning ortidan esa YouTube, Facebook, Linkedin, Instagram, OK, Telegram, «Moy mir» tarmoqlariga kirishdagi muammolar ham bartaraf etildi.

Shunga qaramasdan, vaziyat yuzasidan ko‘plab savollar javobsiz qolmoqda, deb yozadi Spot nashri.

Barchasi nimadan boshlangan edi

Yanvar oyida prezident Shavkat Mirziyoyev shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartishlar kiritadigan hujjatni [O‘zRQ-666] imzolagandi. Unga ko‘ra, veb saytlar egalari O‘zbekiston hududida o‘zbekistonliklarning shaxsiy ma’lumotlarini saqlashga majbur bo‘ladi. Ushbu o‘zgartishlar aprel oyidan kuchga kirdi.

Tizim quyidagi tartibda ishlaydi:

  • ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha markaz va Davlat personallashtirish markazi (DPM) doimiy ravishda Internetni nazorat qiladi;
  • agar biror sayt talabni bajarmayotgani bo‘lsa, bu haqda xulosa qabul qilinib, inspeksiyaga («O‘zkomnazorat») yuboriladi;
  • qoidabuzarga inspeksiya tomonidan ogohlantirish xatlari yuboriladi;
  • agar kompaniya talabni bajarmasa, uning saytiga kirish cheklanadi.

May oyiga kelib DPM Facebook, Google, Mail.ru, Microsoft, Telegram, Tencent, TikTok, Twitter, Yandex kompaniyalariga qonunchilik talabini bajarish to‘g‘risida talabnoma kiritdi.

O‘shandayoq mulkdorlar va operatorlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reyestri pd.gov.uz sayti ishga tushirilgan edi.

May oxiriga kelib, serverlarni mahalliylashtirish talabi qayd etilgan maktublar «VKontakte», Twitter va WeChat, iyunda esa — TikTok va Skype tarmoqlariga ham yuborildi.

Iyuldan boshlab «O‘zkomnazorat» mahalliylashtirishni kutib o‘tirmasdan qonunbuzarlarning saytlarini cheklashga kirishib ketdi. Birinchilar qatoridan TikTok, Twitter, «VKontakte», Skype va WeChat o‘rin oldi.

Sayt va dasturlar bloklanmagan, faqat uzilishlar (sahifa uzoq yuklanadi, surat yoki videoni ochish imkonsiz) bilan ishlamoqda.

Shu bilan birga, inspeksiya servislarga kirishga oid cheklov ularning egalari tomonidan talablar bajarilgan taqdirda olib tashlanishini ma’lum qildi.

Noyabr boshiga kelib esa shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunni buzganlik uchun jazo kuchaytirildi — jarimalar ikki baravardan ko‘proqqa oshirildi.

3 noyabr kuni nima sodir bo‘ldi

«O‘zkomnazorat» hukumat tasdiqlagan sxema bo‘yicha harakat qildi. Shunga qaramasdan, regulyator rahbari shu kunning o‘zidayoq lavozimidan chetlatildi. Oradan bir kun o‘tib, bosh vazirning axborot texnologiyalari bo‘yicha maslahatchisi Olimjon Umarov va AKT vaziri Shuhrat Sadikov ham lavozimlaridan ozod etildi.

Shavkat Mirziyoyevning aralashuvidan so‘ng, YouTube, Facebook, Linkedin, Instagram, OK, Telegram, «Moy mir» faoliyatiga qo‘yilgan cheklov oradan bir necha soat o‘tib olib tashlandi.

Biroq bir qancha internet servislar, jumladan Twitter, TikTok, «VKontakte» hanuz shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunni buzganlar ro‘yxatiga nima sababdan kiritilgani noma’lumligicha qolmoqda. Ularning O‘zbekistondagi faoliyati iyul oyida cheklangan edi.


Mutaxassislar fikri

Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz».

O‘zA raisi o‘rinbosari, huquqshunos, bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev:

Kechagi voqealarni endi sal ehtiroslardan xoli, sovuq miya bilan tahlil qilsak. To‘g‘ri, kecha oxiri yaxshilik bilan tugadi. Ijtimoiy tarmoqlar bloklangach, birdan masalaga prezident aralashdi, «O‘zkomnazorat» rahbari ishdan olindi, bloklar olib tashlandi. Bir qaraganda hammasi zo‘r, barchasi ajoyib, shunday emasmi?

Ammo biz oqibatlar bilan kurashyapmiz, xolos. Ya’ni ijtimoiy tarmoqlarning bloklanishi — aslida avvalroq qabul qilingan xato qarorning oqibati. Xo‘sh, unda buning sababi qayerda?

Qonunni qabul qilgan boshqalar, jabrini tortgan ijrochilar. Aslida bu mashmashalarning barchasiga «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonun sababchi. Yanada aniqroq aytsak, 2019 yilda qabul qilingan bu qonunning o‘zi yomon emas. Unda shaxsiy ma’lumotlarga oid ko‘p foydali qoidalar belgilangan.

Ammo 2021 yilda, ya’ni joriy yilning yanvar oyida ushbu qonunga bitta kichkina modda qo‘shildi. Yangi qo‘shilgan 27−1-moddada O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlari bilan ishlaydigan tizimlar serverlarini O‘zbekistonga o‘rnatishi talab qilinadigan bo‘ldi. Kim serverini O‘zbekistonga o‘rnatishga rozi bo‘lmasa, unda bloklanadigan bo‘ldi.

Ko‘ryapsizmi, kechagi mashmashalarning barchasi aslida qaysidir G‘olibsher ismli ijrochining o‘zboshimchaligidan emas, balki 150 nafar deputatlar qabul qilib, 100 nafar senatorlar ma’qullab, keyin imzolangan qonun sababli bo‘lmoqda.

Xo‘p, «O‘zkomnazorat» rahbarini kecha «yuqoridagilar» bilan kelishmagani uchun ishdan bo‘shatishdi. Ammo bu og‘riq qoldiruvchi dori xolos, kasallikning o‘zini tuzatmaydi. Ertaga «O‘zkomnazorat»ga Valisher, G‘anisher, Alisher rahbar bo‘lib kelsa ham, baribir qonun o‘z kuchida turibdi-ku! Telegram serverini O‘zbekistonga olib kelmasa, uni bloklash kerak, tamom.

«O‘zkomnazorat» bu yerda qonunni ijro qildi va aholining shuncha e’tiroziga sabab bo‘ldi. Demak, o‘sha qonunning o‘zi adolatsiz va bir yoqlama o‘ylab qabul qilingan bo‘lmaydimi? Ko‘rpaga qarab oyoq uzatish kerak edi, shekilli.

Mantiqan olganda deputatlar va senatorlar serverini O‘zbekistonga olib kelmagan tarmoqlarni bloklash tarafdori bo‘lishgan va buni qonunda aks ettirishgan. Hatto keyinchalik deputatlar qonun ijrosini tezroq bajarish, ya’ni serverini O‘zbekistonga o‘rnatmaganlarni tezroq bloklashni talab qilishgandi.

Yana bir qiziq joyi, joriy yilning iyun oyida Twitter, TikTok, Skype, Wechat kabi tarmoqlarni xuddi shu qonunga asoslanib, xuddi o‘sha «O‘zkomnazorat» bloklagan edi. Mana, bir necha oydan buyon ushbu tarmoqlar haliyam blokda turibdi. Ammo kechagidek rezonans bo‘lmagandi.

Telegram, Facebook, YouTube, Instagram bloklangandan keyin dahshatli vahima ko‘tarildi va tezda ularning bloklari yechildi. Lekin kechagi qiy-chuvlarda ham Tvitter va TikTokdan blok olib tashlanmadi.

Xo‘p, agar internetni va ayrim tarmoqlarni bloklash Yangi O‘zbekiston siyosatiga to‘g‘ri kelmas ekan, unda nega barchasidan blok olinmadi? Yoki agar qonun talabini bajarmagan kompaniyalarni bloklash aslida to‘g‘ri bo‘lsa, unda nega kechagi bloklanganlardan taqiq olib tashlandi? Qanaqadir yagona bitta prinsip bo‘lishi kerak emasmi? Va bu prinsip odamlarga muammolar tug‘dirmasligi kerak-ku.

Qissadan hissa shuki, kecha bizning qurtlagan tishimiz qattiq bezovta qilgani uchun vaqtincha og‘riq qoldiradigan dori ichdik. Ammo qurtlagan tish haliyam turibdi. U hali yana og‘rishi mumkin. Bunga hech kim kafolat bera olmaydi.

  • Kecha ijtimoiy tarmoqlar nega bloklandi? Qonun ijrosi uchun.
  • Kecha ijtimoiy tarmoqlardan nega blok olib tashlandi? Inson qadri uchun.

Demak, barcha qonunlar ham inson qadri uchun xizmat qilavermaydi. O‘zbekistonda inson qadriga zid bo‘lgan qonunlar bor va ularni tezda qayta ko‘rib chiqish kerak. Har holda Yangi O‘zbekistonning haqiqatan yangiligi shunda ko‘rinadi.

Biz oldin aniq bir qarorga kelib olaylik: faqat oqibatlarga qarshi kurashib yuraveramizmi yoki sabablarni ham o‘ylab ko‘ramizmi?



Foto: Muallif shaxsiy arxividan.

IT-mentor 3D virtual loyihalarni va VRonica bo‘yicha qo‘shimcha reallikni yaratishga asoslangan studiya asoschisi Akmal Salixov:

Ma’lumotlarni saqlash uchun serverlarni mahalliylashtirish yaxshi, biroq Facebook yoki boshqa jahonga taniqli kompaniya birgina xat bilan o‘z serverini o‘rnatishga shoshiladi deb o‘ylamayman.

Buning uchun xarajatlarni keltirib chiqaradigan harakatlarni amalga oshirish talab etiladi, lekin oldindan hisoblarni kim qoplashini aniqlab olish zarur. Noqulay sharoitlarda, ehtimol, ushbu masala uzoqqa cho‘ziladi.

Bundan tashqari, biz yirik kompaniyalarning minimal talabiga ham javob beradigan birorta Data center`larga ega emasligimiz haqiqatga yaqin. Bunday vaziyatda ikkita yo‘l bor:

  • Big Tech shartlariga javob beradigan Data center yaratish;
  • Serverlarni joylashtirmasdan muammoni hal qilish yo‘lini o‘ylab ko‘rish.

Bu yerda yana bir savol tug‘iladi — nimaga ushbu masala bilan haligacha davlat organlari shug‘ullanmoqda? Rossiya tajribasi bloklash mamlakat imidjiga putur yetkazishini, ba’zan esa nazorat qiluvchi organlarning o‘z ishini yaxshi bilmasligini ko‘rsatib qo‘yishini isbotlab berdi.

«Roskomnadzor» Telegram`ni bloklash uchun messenjerdan tashqari, iloji bo‘lgan hamma narsani «o‘chirib» ko‘rdi.

Ehtimol, qanday qilib tartibga solishni tushunmasang, taqiqlash odati postsovet hududi mamlakatlari davlat xizmatchilari uchun hanuz yagona to‘g‘ri yo‘l bo‘lib qolgan.

Meni qiziqtirgan jihat, o‘sha davlat xizmatchilari mamlakatda Telegram`ni bloklash bilan o‘z ishini qanday davom ettiradi?

Nahotki bizda hamma joyda ishlatiladigan to‘laqonli lokal messenjer bor? Shubham bor.

O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlar bloklanishi ortidan mobil VPN mashhurligini keskin oshirib yubordi. Ushbu bloklashlarning barchasi o‘zimizning tarmoqlarga bo‘lgan yuklanishni oshiradi va butun mamlakat trafigi «soya ostida» qoladi.

YouTube`ning Qozog‘istondagi serveriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish o‘rniga tezlik 10 martagacha tushib ketadi, biz esa unga, masalan, Gollandiya orqali kirishga majbur bo‘lamiz.

Albatta, biz kuniga 10−15 ta VPN servislarini bloklashimiz mumkin, biroq ertasiga yana 20 ta yangisi paydo bo‘ladi. Ushbu serverlar uchun bu katta daromad, o‘zimizning fuqarolar uchun esa — katta xarajat va noqulayliklar demakdir.

Misol uchun, men ushbu voqea sodir bo‘lganda, xattoki, qizim uchun ingliz tilidagi bolalar musiqasini ham qo‘yib bera olmadim. Endi tasavvur qiling, shu vaqt davomida qancha inson YouTube orqali videodars yoki boshqa foydali bo‘lgan videolarni ko‘ra olmagan! Oxir-oqibat, bizning fuqarolarimiz bilim va foydali kontent qidirib qayerga borishi kerak?

Ha aytgancha, 3 noyabr kuni barcha servislar faoliyatini ham tiklashgani yo‘q, masalan, Twitter va «VKontakte»ga hanuz kirish imkonsiz. Bizda ulardan kimdir faol foydalanishiga ishonmayman, shuning uchun ushbu servislar alohida ustunlikka ega emas.


Foto: Muallif shaxsiy arxividan.

«Yandeks»ning O‘zbekistondagi hududiy direktori sifatida bir necha yil faoliyat yuritgan, hozirda — «Sitimobil»ning biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Yevgeniy Lukyanchikov:

Bloklash — bu bozorga o‘z manfaatlarini himoya qilish niyatlari jiddiyligini ko‘rsatuvchi choradir.

Men davlat shaxsiy ma’lumotlarni tartibga solish bo‘yicha normalarni ishlab chiqayotganini — shuningdek, foydalanuvchilarning ma’lumotlarini qonunchilik darajasida himoya qilishni qo‘llab-quvvatlayman.

Kompaniyalar bunga majbur va ko‘plab mamlakatlarda ularni saqlash uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan. Ma’lumotlarning tarqalib ketishi har bir mahalliy aholi uchun juda katta muammoga aylanishi mumkin, albatta, qachonki barcha uchun xazlga hojat qolmaganda.

Ma’lumotlarni mahalliy tarzda saqlash talabi shu kabi keng miqyosdagi kompaniyalar uchun texnik jihatdan qiyin va hatto imkonsizdir. Hammamiz O‘zbekiston hududidagi elektr ta’minotidagi uzilishlar, zaif internet kanali, kam miqdordagi tayyor Data center`lar, issiq havo, shuningdek, kerakli darajadagi mutaxassislarning mavjud emasligi haqida yaxshi bilamiz.

Bu xizmatni qimmatlashtiruvchi va uzilishlarga chidamsiz holga keltiruvchi qiyinchiliklarning bir qismi xolos, bu holatda esa ma’lumotlar yanada xavf ostida bo‘ladi.

Ishoning, yuqoridagi qayd etilgan kompaniyalar foydalanuvchilarining ma’lumotlarini himoya qilishni hammadan yaxshi uddalaydi — bu ularning tijorat sirlari va monetizatsiyasining asosidir.

Ular qonunlarsiz ham ma’lumotlarni saqlash bo‘yicha 24/7 tizimda g‘amxo‘rlik qiladi. Ularning ichki himoya talablari esa har qanday davlat o‘ylab topishi mumkin bo‘lgan himoyadan ham ancha yuqoriroq hisoblanadi.

Shuning uchun, men o‘ylaymanki, shaxsiy ma’lumotlarni saqlashni mahalliylashtirish to‘g‘risidagi qonundan tashqari, o‘rtada boshqa qandaydir muloqot ham bor va aynan unda biznesning davlat bilan o‘zaro kelishuvi mavjud emas.

O‘ylaymanki, bu yerda yana Rossiya tajribasini ham esga olish mumkin. Uning ortidan kuzatish juda qiziqarli bo‘lgan edi. Men aniq tafsilotlaridan xabardor emasman, biroq Telegram hukumat bilan aloqaga chiqishga va qaysidir ma’noda ular bilan ishlashga majbur bo‘lgan. Bu o‘shandagi kurashsiz imkonsiz edi.

Yana Turkiya tajribasi ham qiziq, bir necha yil avval Google jarima va hukumatning talablari tufayli o‘z xizmatlarini qo‘llab-quvvatlashni qisman to‘xtalishini ochiqcha e’lon qilgan edi. Biznesning ham o‘z xukmronligi bor va ushbu signal faqatgina Turkiya hukumatiga (boshqa davlatlar ham nazarda tutilmoqda — tahr.) yo‘naltirilmagan edi. Umid qilaman, bizda ungacha yetib bormaydi.

O‘ylashimcha, yirik xalqaro kompaniyalar bilan bog‘liq vaziyatda davlat biznes bilan ma’lumotlar qayerda saqlanishi haqida emas, balki servisda mavjud kontent yoki tarmoqning o‘zidan foydalanish to‘g‘risida bahslashmoqda.

Ishonavering — ushbu muloqot butun dunyo bo‘yicha olib borilmoqda. Qaysidir mamlakatlar olg‘a xarakatlana olishdi, qaysidirlari esa o‘z manfaatlarini himoya qilish jarayonining boshida turibdi.