Prezident Shavkat Mirziyoyev inauguratsiyaga bag‘ishlangan marosimdagi nutqida tinchlik va xavfsizlik, xalqaro munosabatlarga ham to‘xtalib o‘tdi, deb xabar qildi «Gazeta.uz» muxbiri.

«Tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashning ishonchli kafolati bo‘lgan Qurolli Kuchlarimiz qudratini yanada oshirish ustuvor maqsadimiz bo‘lib qoladi», — dedi u.

U shuningdek, afg‘on xalqiga barcha zarur yordam ko‘rsatilishini ta’kidladi.

«Mintaqamizning ajralmas qismi, yaqin qo‘shnimiz bo‘lgan Afg‘onistonda tinch va osoyishta hayotni tiklash, bu mamlakatda iqtisodiy va gumanitar inqirozga yo‘l qo‘ymaslik uchun afg‘on xalqiga qo‘limizdan kelgan barcha yordamni ko‘rsatamiz. Biz Afg‘oniston bilan birgalikda yirik transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirishdan manfaatdormiz», — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev so‘zi davomida Rossiya, Xitoy, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Turkiya, Hindiston, Pokiston, Germaniya, Fransiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Birlashgan Arab Amirliklari va dunyoning barcha mintaqalaridagi sheriklar bilan o‘zaro manfaatli va ko‘pqirrali aloqalarni kengaytirishga alohida e’tibor berilishini ma’lum qildi.

«BMT va uning ixtisoslashgan tuzilmalari, Parlamentlararo ittifoq, xalqaro moliyaviy institutlar va mintaqaviy tashkilotlar, jumladan, MDH, SHHT, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy Kengash, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bilan ko‘p tomonlama munosabatlarni yangi, amaliy ma’no-mazmun bilan boyitamiz», — deya ta’kidladi prezident.

«Biz — dunyoga, dunyo — bizga ochiq bo‘lishi kerak. Bugungi hayot, bugungi taraqqiyotning talabi ham aslida shu. Biz ana shu hal qiluvchi tamoyilni albatta hayotimiz qoidasiga aylantiramiz», — dedi O‘zbekiston yetakchisi.