Shavkat Mirziyoyev qasamyoddan so‘ng so‘zlagan nutqida O‘zbekiston Konstitutsiyasini takomillashtirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Barcha nomzodlarning saylovoldi uchrashuvlarida elektorat vakillari tomonidan bugungi kunda hayotning o‘zi, islohotlarimiz mantig‘i talab etayotgan yana bir muhim taklif ilgari surildi. U ham bo‘lsa, mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishdan iborat», — dedi u.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, «agar dunyo tajribasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, tub burilish davrida ko‘pgina davlatlarda konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirilganini ko‘ramiz».

«Shu sababli, avvalo, senator va deputatlarimiz, keng jamoatchiligimiz, xalqimiz bilan yana bir bor maslahat qilib, jahon konstitutsiyaviy tajribasini o‘rganib, puxta o‘ylagan holda bugungi va kelgusi taraqqiyotimizni belgilab beradigan Asosiy qonunimizni takomillashtirish masalasini ham ko‘rib chiqishimiz kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.