Giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida DXX va Davlat bojxona qo‘mitasi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida katta miqdordagi narkotiklar musodara qilindi. Bu haqda DXX axborot xizmati xabar berdi.

Jizzax viloyati

Jizzax viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Qozog‘istonning Turkiston oblastining Maxtaaral rayonida istiqomat qiluvchi, 1976 y.t. qo‘shni davlat fuqarosi va Zomin tumanida yashovchi, 1989 y.t. mahalliy fuqaro 3 kg 880 gr “opiy” moddasini 32 ming dollarga sotayotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Toshkent viloyati

Toshkent viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda esa 1984 yil Qirg‘izistonda tug‘ilgan, Rossiya fuqarosi hamda 1963 va 1968 y.t. ikki nafar Qirg‘iziston fuqarosi 9 kg 612 gr “gashish” moddasi bilan qo‘lga olindi. Shuningdek, 1983 y.t. Tojikiston fuqarosi 1 kg 784 gr “opiy” va 3 kg 765 gr “gashish” moddalari bilan ushlandi.

Yana bir holatda DXXning Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda muqaddam giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan, 1992 y.t. fuqaro o‘zining Nexia-3 rusumli avtomashinasida Qo‘qon shahriga ketayotgan vaqtida Ohangaron tumanidagi “Chinor” yo‘l patrul xizmati maskanida to‘xtatildi.

Lekin, u YPX xodimlaridan qochishga uringanida, sun’iy to‘siq yaratildi va ushlandi.

Avtomashina ko‘zdan kechirilganda, uning salon qismida 4 kg 902 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Samarqand viloyati

Samarqand viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa muqaddam giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan, 1984 y.t. mahalliy fuqaro 10 kg 300 gr “opiy” moddasi bilan qo‘lga olindi.

Andijon viloyati

DXXning Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda esa Toshkent shahri tomon harakatlangan Cobalt rusumli avtomashina YHX xodimlarini jalb etgan holda, Bo‘ston tumanidagi yo‘l patrul xizmati maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi.

Tekshiruv davomida mashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan Oltinko‘l tumanida yashovchi, 1977 y.t., muqaddam sudlangan shaxsning yonida 961 gr “opiy” moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Dastlabki surishtiruv jarayonlarida u mazkur narkotikni Andijon shahrida istiqomat qiluvchi, muqaddam giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan, 1974 y.t. Qirg‘iziston fuqarosidan olganligi ma’lum bo‘ldi. Keyinroq ushbu shaxs ham qo‘lga olindi. Shuningdek, uning yashash manzilida 240 gr “opiy” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida musodara qilingan jami 17 kg 165 gr “opiy” va 18 kg 279 gr “gashish” giyohvand moddalari Tojikiston va Qirg‘izistondan kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tilgan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari doirasida ularning jinoiy aloqalarini aniqlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.