Oliy Majlis Senati 21 oktabr kuni o‘tkazilgan 20 yalpi majlisida davlat budjeti xarajatlarini oshirishni ma’qullagan edi. Uning doirasida Energetika vazirligiga 1 trln so‘m (93 mln dollarga yaqin) mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan.

«Gazeta.uz» ushbu mablag‘ «respublika iste’molchilarning ehtiyojlarini qondirish maqsadida tabiiy gaz sotib olish va sotishning o‘rtacha bahosidagi farqni qoplash uchun subsidiya» sifatida sarflash rejalashtirilgani haqida xabar bergandi.

Nashr so‘roviga ko‘ra, Energetika vazirligi matbuot xizmati subsidiya nima uchun ajratilganini tushuntirdi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, maishiy iste’mol uchun tabiiy gaz Vazirlar Mahkamasining «Yoqilg‘i-energetika resurslari narxlari va tariflarini o‘zgartirish to‘g‘risida»gi (2019 yil 30 iyuldagi PKM-633-son) qaroriga muvofiq belgilangan tariflar bo‘yicha sotiladi. .

Bundan tashqari, tabiiy gazni ishlab chiqarish, qayta ishlash, tashish va yakuniy iste’molchiga sotishni amalga oshiruvchi «O‘zbekneftgaz», «O‘ztransgaz» va «Xududgazta’minot» korxonalari o‘rtasida tabiiy gazni sotib olish va sotish narxlari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi tomonidan belgilanadi.

«O‘ztransgaz» aksiyadorlik jamiyati yagona operator sifatida «Xududgazta’minot» aksiyadorlik jamiyati va magistral gaz uzatish tizimiga ulangan iste’molchilar o‘rtasida tuzilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida tabiiy gazni boshqa qo‘shma korxonalar va xorijiy kompaniyalardan bozor tamoyillari asosida sotib oladi va tabiiy gazni realizatsiya qiladi.

2020 yil yakuniga ko‘ra, «O‘ztransgaz» tomonidan maishiy iste’molchilarga yetkazib berilayotgan 1000 kub metr tabiiy gazning qiymati kompaniya tabiiy gazni sotayotgan o‘rtacha narxdan 90 ming so‘mga qimmatroq bo‘ldi. Bu o‘z majburiyatlarini bajarishda naqd pul taqchilligini keltirib chiqaradi, deyiladi izohda.

Natijada 2020 yilda korxona 3,6 trln so‘m zarar ko‘rdi va bu «rejalashtirilgan loyihalarni moliyalashtirish, ishlab chiqarish obyektlarini joriy va kapital ta’mirlash, shuningdek, kredit majburiyatlarini bajarishda jiddiy muammolar»ga olib keldi. Shu munosabat bilan 1 trln so‘mlik subsidiya ajratilmoqda, deya ta’kidladi Energetika vazirligi.

2019 yilning iyun oyida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston bugungi kunda «Lukoyl»dan ichki bozorga sotish uchun 146 dollardan gaz xarid qilib, uni aholiga 40 dollardan sotayotganini ta’kidlagandi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, har bir kub metr o‘rtasidagi 100 dollarlik farq 600 mln dollarlik qarzni paydo qilgan.

Energetika vazirining sobiq o‘rinbosari Behzot Normatov 2020 yilda «Lukoyl» kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga birlamchi 5 mlrd kub metr gaz sotganini ta’kidlagandi. 2019 yilning mart oyida «Lukoyl» O‘zbekiston bilan Qandim лойиҳасиdan yiliga 5 mlrd kub metrgacha gazni ichki bozor uchun eksport netbekiga 12,5 foizlik chegirma bilan yetkazib berishga kelishgani ma’lum qilingandi.

Qish fasli arafasida O‘zbekiston rahbariyati tabiiy gazni eksportga realizatsiya qilishda aksiz solig‘i stavkasining nol foiz miqdorida belgilanishga oid farmonni qabul qildi. Shuningdek, tabiiy gaz import qiluvchi kompaniyalar bojxona bojidan ozod qilindi, 2022 yildan geologiya-qidiruv va izlanish ishlarining qator soliq va to‘lovlardan ham ozod qilish rejalashtirilgan.