Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi chorshanba kuni kechqurun o‘z saytida bir qator ijtimoiy tarmoqlarga vaqtinchalik kirish imkoni bo‘lmaganiga «O‘zbektelekom» kompaniyasi jihozlaridagi texnik nosozlik sabab bo‘lganini xabar qilindi. Xabar keyinroq o‘chirildi.

Unda aytilishicha, «O‘zbektelekom» (O‘zbekistondagi barcha provayderlari internetga ushbu kompaniyaning Xalqaro paketli kommutatsiya markazi orqali kirish imkoniga ega) uskunasidagi nosozlik telekommunikatsiya xizmatlari sifatining yomonlashishiga va uzilishlarga, jumladan, Facebook, Instagram, «Odnoklassniki», LinkedIn, «Moy mir» ijtimoiy tarmoqlari, Telegram messenjeri va YouTube portalidan foydalanish imkoniyatining cheklanishiga olib kelgan.

«Hozirgi vaqtda texnik jihozlar bilan bog‘liq barcha nosozliklar bartaraf etilgan. [Ushbu saytlar] faoliyati odatdagidek davom etmoqda», — deyiladi xabarda. Vazirlik, shuningdek, muammo tufayli yuzaga kelgan noqulayliklar uchun «barcha foydalanuvchilar»dan uzr so‘radi.

Chorshanba kuni yuqorida sanab o‘tilgan saytlarga kirishda haqiqatan ham cheklovlar kuzatildi. Ammo bunga mazkur saytlarning «O‘zkomnazorat» davlat inspeksiyasi tomonidan shaxsiy ma’lumotlar subyektlari huquqlarini buzuvchilar reyestriga kiritilgani sabab bo‘lgan edi.

Oradan uch soatdan kamroq vaqt o‘tib, ro‘yxatdagi saytlar soni yana qisqardi, hozirda ularda iyul oyida ro‘yzatga kiritilgan Wechat, «VKontakte», Skype, TikTok va Twitter mavjud.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov «„O‘zkomnazorat“ tomonidan bir yoqlama, uzoqni o‘ylamay qilgan harakati haqida prezident xabar topgani» haqida xabar berdi. Keyinroq «O‘zkomnazorat» boshlig‘i G‘olibsher Ziyayev «noto‘g‘ri va kelishilmagan hatti-harakatlari uchun» egallab turgan vazifasidan chetlatildi. Ro‘y bergan holat yuzasidan tergov-surishtiruv harakatlari olib borilishi aytildi.

Telegram Uzbekistan kanalida xabar qilinishicha, Telegram messenjerga kirishga to‘siq qo‘yilishiga qarshi javob choralarini ko‘rdi va taxminan 21:00 da servis yana VPNsiz ishlay boshladi.