Markaziy bank yanvar-sentabr oylari yakunlari bo‘yicha tijorat banklari tomonidan amalga oshirilgan kreditlash va banklarda yuzaga kelgan muammoli kreditlarning turli segmentlari bo‘yicha o‘tkazilgan tahlil natijalarini taqdim etdi.

Joriy yilning o‘tgan davrida bank tizimi asosiy ko‘rsatkichlarida ijobiy o‘sish sur’atlari saqlanib, maqbul darajadagi moliyaviy barqarorlik ko‘rsatkichlari doirasida iqtisodiyotning kreditga bo‘lgan talabi qondirilmoqda, deya qayd etdi Markaziy bank.

Qayd etilishicha, banklar tomonidan iqtisodiyotga 2021 yilning yanvar-sentabr oylarida 119,5 trln so‘m miqdorida yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 32,8 foiz ko‘proq kredit ajratilgan.

Mazkur kreditlarning asosiy qismi, ya’ni 91 trln so‘mi (76 foizi) tadbirkorlik subyektlariga (korporativ mijozlar) ajratilgan bo‘lib, ularning 66 trln so‘mi uzoq muddatli investitsion loyihalarga va 25 trln so‘mi revolver asosida xo‘jalik faoliyati uzluksizligini ta’minlashga yo‘naltirilgan.

Aholini iste’mol ehtiyojlarini qondirish va daromadli mehnat bilan band bo‘lish maqsadlariga jami 29 trln so‘m yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 46 foiz yoki 9,2 trln so‘m ko‘proq kreditlar yo‘naltirilgan.

Aholiga ajratilgan jami kreditlar qoldig‘i joriy yilning 9 oyi davomida 11 trln so‘m yoki 20 foizga oshib, 2021 yilning 1 oktabr holatiga 66 trln so‘mni tashkil etgan.

Grafikdan ko‘rinib turibdiki, aholi ko‘proq mikroqarzlar va mikrokreditlarga murojaat qila boshlagan. Avtomobil kreditlari eng ko‘p murojaat qilinayotgan xizmat bo‘lib qolmoqda, ammo ipoteka va iste’mol kreditlari balansi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan kamaygan.

Muammoli kreditlar holati

Bank tizimida muammoli kreditlar (NPL) ulushi joriy yilning iyul oyida eng yuqori daraja, 6,2 foizga yetgan edi.

Oxirgi uch oyda banklarning kredit portfeli sifati bosqichma-bosqich yaxshilanmoqda.

Shuningdek, muammoli kreditlar ulushi joriy yilning avgust-sentabr oylarida 0,4 foiz bandga kamayib, 1 oktabr holatiga 5,8 foizni (18,1 trln. so‘m) tashkil etgan. Ushbu muammoli kreditlarning 29 foizi (5,2 trln so‘m) jismoniy shaxslar va 71 foizi (12,9 trln so‘m) yuridik shaxslarga ajratilgan kreditlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, muammoli kreditlarning o‘sishi, asosan transport va kommunikatsiya, qishloq xo‘jaligi, savdo va umumiy ovqatlanish va qurilish sohalari ulushiga to‘g‘ri kelmoqda.

Joriy yilning yanvar-sentabr oylarida bank tizimida yuridik shaxslarning muammoli kreditlari hajmi 2,6 barobarga o‘sgan bo‘lsa, jismoniy shaxslarning muammoga aylangan kreditlari hajmi 5,4 barobarga o‘sib, ularning jami muammoli kreditlardagi ulushi 17 foizdan 29 foizga yetdi.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Xalq banki muammoli kreditlar salmog‘i oshib ketgani uchun tijoriy kreditlar berishni to‘xtatgani haqida xabar berilgandi.