O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi rossiyalik hamkasblariga o‘zbekistonliklarni Rossiyada tashkiliy ishga qabul qilish to‘g‘risidagi hukumatlararo kelishuvga o‘zgartirish kiritishni taklif qildi, deb xabar berdi Mehnat vazirligi matbuot xizmati. Bundan ko‘zlangan maqsad Rossiyada O‘zbekiston fuqarolarini ishga qabul qilish tartibini soddalashtirish.

Ushbu mavzu Moskvada O‘zbekiston bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanovning Rossiya mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri Anton Kotyakov bilan uchrashuvida muhokama qilindi.

«2017 yilda imzolangan tashkiliy ishga qabul qilish bo‘yicha hukumatlararo kelishuv pandemiya davrida mehnat bozoridagi mavjud vaziyatni hisobga olgan holda yangilanish va tuzatishlarni talab qiladi. Ishga qabul qilish tartib-taomillarini ham xodim, ham ish beruvchi uchun imkon qadar sodda va qulay qilib, har ikki tomon uchun zarur kafolatlarni ta’minlash zarur», — dedi vazir Nozim Xusanov.

Nozim Xusanov, shuningdek rossiyalik hamkasbiga O‘zbekiston Mehnat vazirligi va ikki mamlakat savdo-sanoat palatalari o‘rtasida kasb-hunar ta’limi tizimini qo‘llab-quvvatlash va nazorat qilishni nazarda tutuvchi hamkorlik to‘g‘risidagi uch tomonlama Bitim imzolangani haqida ma’lumot berdi.

Shuningdek, qurilish va qishloq xo‘jaligi sohalariga mehnat migrantlarini jalb etishning soddalashtirilgan tartibi, mehnat jarayonlarini raqamlashtirish va qonunchilikdagi innovatsiyalar bo‘yicha tajriba loyihasini amalga oshirish masalalari muhokama etildi.

Muzokaralar natijasida tomonlar 2017 yilgi tashkiliy ishga qabul qilish to‘g‘risidagi shartnomaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha kelishuvlarga erishdilar, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, mehnat munosabatlarini raqamlashtirish va mehnat muhofazasini ta’minlash, korxonalarda shikastlanishlar darajasini pasaytirish, shuningdek, mehnat qonunchiligini takomillashtirish sohasida mehnat organlari xodimlarining malakasini oshirish va amaliyot o‘tash bo‘yicha qo‘shma dasturlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya hukumati O‘zbekistondan mamlakatga 10 ming quruvchini jalb qilish bo‘yicha tajriba loyihasini amalga oshirmoqda. Loyiha ishtirokchilari suhbat va tibbiy ko‘rikdan o‘tishi, shuningdek, rus tilini bilish va Rossiya qonunchiligi tarixi va asoslarini bilish sertifikatini olishlari kerak bo‘ladi.

Dastur hafta boshidan O‘zbekistonda ishga tushirildi. Tajriba 2022 yil yanvar oyi o‘rtalarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.