Taxiatosh, Boysun, Bo‘ston va Termiz tumanlari hokimlari hududiy deputatlar kengashining majlisini xat imzolangan kundan orqaroqqa, ya’ni o‘tib ketgan sanaga chaqirish to‘g‘risidagi qarorga imzo chekkan. Bunga bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev e’tibor qaratdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumani hokimi I.Matkarimov 5 oktabrda qaror chiqarib, Xalq deputatlari tuman kengashining 33-sessiyasi majlisini 4 oktabr kuniga chaqirgan.

Surxondaryo viloyati Boysun tumani hokimi A.Jo‘rayev tuman deputatlari majlisini 11 oktabr kuni chaqirish to‘g‘risidagi qarorni 13 oktabr kuni chiqargan.

Andijon viloyati Bo‘ston tumani hokimi v.b. S.Nosirova esa 13 oktabr kuni Xalq deputatlari tuman kengashining 37-yig‘ilishini 9 oktabrda chaqirishga qaror qilgan.

Surxondaryo viloyati Termiz tumani hokimi Sh.O‘rinov o‘z navbatida 25 oktabrdagi qarori asosida tuman deputatlari kengashining 35 sessiyasini 21 oktabr kuni o‘tkazishga chaqirgan.

«Hokimlar deputatlar mahalliy kengashlariga raislik qilaversa, shunaqa maynavozchiliklar hali ko‘p davom etadi», — deya o‘z fikrini bildirdi Xushnudbek Xudoyberdiyev.