Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudida oilaviy poliklinika shifokori kaltaklanganlik yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi, deb «Gazeta.uz»ga Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Voqea avgust oyi boshida ma’lum bo‘lgandi. O‘shanda IIV 28 iyul kuni oilaviy poliklinika shifokori N.K.ga Bobirjon va Jobirxon Faxriddinovlar (avvaliga ularning ism shariflari boshqacha ko‘rsatilgandi) o‘zlarining sog‘lig‘i yomonlashgani va harorat oshgani sababli murojaat qilganini qayd etgandi. Shifokor tibbiy ko‘rikni o‘tkazib tana harorati ko‘tarilmaganini aytganida, bemorning ukasi «noto‘g‘ri tashxis qo‘yyapsan» deb janjal ko‘tarib shifokor bilan mushtlashib ketgan.

Jabrlanuvchida bosh miya yopiq shikasti, bosh miya chayqalishi, o‘ng qo‘l tirsak sohasi shilingan jarohati, peshona, o‘ng chakka, o‘ng ko‘z yuqori qovoq soxasi qontalash jarohatlari borligi ushbu jarohat tibbiy mezonga ko‘ra og‘irlik darajasi bo‘yicha sog‘liqni buzilishiga sababchi bo‘lgan yengil tan jarohati ekanligi aniqlangan.

Sud majlisida aka-ukalar o‘z aybini tan olgan. Jumladan, B.N. shifokorni avvaliga akasi urganini, keyin tibbiyot xodimiga u ham tashlanib ketganini ta’kidlagan.

Sud Jinoyat kodeksining 277 moddasi 2 qismi «b» bandida (bir guruh shaxslar tomonidan bezorilik) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topib, unga 2 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini, akasiga esa 360 soat majburiy jamoat ishlarini tayinladi. 62 moddaga (jazo muddatini hisoblash) muvofiq, uning hibsga olingan har bir kuni 4 soatlik jamoat ishiga tenglashtirilib, natijada muddat 144 soatgacha qisqartirildi.