Pandemiya boshidan 2021 yilning may oyiga qadar dunyo bo‘ylab 100 mingdan ortiq tibbiyot xodimlari koronavirusdan vafot etgan. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ijrochi direktori Tedros Gebreyesus ma’lum qildi, deya xabar bermoqda RIA.

JSST va tashkilotning hamkorlari tomonidan qo‘shma hisobot e’lon qilindi. Unda mamlakatlar shifokorlarni korornavirusdan himoya qilish choralarini kuchaytirishga chaqirilgan.

«JSSTning yangi ishchi hujjatiga ko‘ra, 2020 yilning yanvaridan boshlab joriy yilning may oyiga qadar 115 ming tibbiyot xodimlari COVID-19`dan vafot etgan bo‘lishlari mumkin. Shuning uchun ham, tibbiyot xodimlari birinchi navbatda emlanishlari lozim», — dedi JSST rahbari brifingda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 119 ta mamlakatdan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘rtacha dunyodagi har besh tibbiyot xodimidan ikkitasi to‘liq emlangan. «Albatta, ushbu o‘rtacha ko‘rsatkich ortida mintaqalar va iqtisodiy guruhlar o‘rtasidagi yirik tafovutlar yashirinib yotibdi», — deya ta’kidladi JSST direktori.

Uning ma’lumotlariga ko‘ra, Afrikada tibbiyot xodimlarining emlanish darajasi juda past, yuqori daromadga ega aksariyat mamlakatlarda esa tibbiyot xodimlarining 80% koronavirusga qarshi emlangan.