O‘zbekistonning 11 yoshli vakili Sofiya Singh Gill Italiyaning San-Remo shahrida 14−16 oktabr kunlari bo‘lib o‘tgan Sanremo Junior xalqaro bolalar musiqa festivalida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bu haqda «Dunyo» AA mamlakatning Italiyadagi elchixonasiga tayanib xabar bermoqda.

Germaniya, Isroil, Bolgariya, Chexiya, Italiya, Livan, Ukraina, Slovakiya, Rossiya, AQSh, Qozog‘iston va boshqa davlatlar vakillari ishtirok etgan musiqa tanlovida O‘zbekiston vakili birinchi marotaba ishtirok etdi. Festival gran-prisi 14 yoshli Belarusning Gomel shahridan bo‘lgan Kseniya Galetskayaga nasib etdi.

O‘zbekistonlik tanlov ishtirokchisi, Toshkent xalqaro maktabining 6-sinf o‘quvchisi, bundan oldin ham xalqaro tanlovlarda ishtirok etgan. Festival finalida Sofiya Singh Gill italyan simfonik orkestri hamrohligida Aerosmith guruhining «Armagedon» filmi uchun yozilgan «I Don’t Want To Miss A Thing» nomli qo‘shig‘ini ingliz tilida ijro etdi.

Chiqishdan so‘ng O‘zbekistonning Italiyadagi elchisi Otabek Akbarov Sofiya Singh Gill, uning ustozi, qo‘shiqchi Saidoyi va onasi Kamila Abdullayeva bilan uchrashib, ularni g‘alaba bilan tabrikladi.

Sanremo Junior — 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun vokal tanlovi bo‘lib, BMTning Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) va San-Remo rahbariyati tomonidan San’atkorlarni rag‘batlantirish xalqaro assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etiladi.