Musulmonlar idorasi raisi, muftiy etib Nuriddin Xoliqnazarov saylandi. Bu haqda idoraning matbuot xizmati xabar berdi.

19 oktabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda hozirgacha Toshkent shahri bosh imom-xatibi sifatida ishlab kelayotgan Nuriddin Xoliqnazarov O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimiga saylandi.

Nuriddin Xoliqnazarov 1968 yilda Andijon viloyati Asaka shahrida tug‘ilgan. 1992 yilda Buxoro viloyatidagi Mir Arab madrasasi, 1998 yilda Imom Buxoriy nomli Toshkent islom institutini, 2007 yilda esa Farg‘ona davlat universitetini tamomlagan.

Turli yillarda u Asaka shahridagi «Ahmadali Maxdum» masjidi imom-xatibi, Toshkent shahri «Oq tepa» jome masjidi imom-xatibi, poytaxtdagi «Ko‘kaldosh», Andijon viloyatidagi «Sayyid Muhyiddin maxdum» madrasalari o‘qituvchisi, Andijon viloyati bosh imom-xatibi bo‘lib faoliyat yuritgan. 2019 yildan shu kunga qadar esa Toshkent shahar bosh imom-xatibi vazifasida mehnat qilayotgan edi.

15 avgust kuni Musulmonlar idorasining oldingi raisi, muftiy Usmonxon Alimov 71 yoshida vafot etgan edi.